Toshkentda avtobus va metro yo‘lkirasi 47 foizga oshadi

Toshkentda avtobus va metro yo‘lkirasi 47 foizga oshadi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab Toshkentda avtobus va metroda elektron to‘lov orqali bir martalik qatnov narxi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshadi, bu amaldagi tarifga nisbatan qariyb 47 foiz ko‘pdir.
  • Naqd pulda to‘lov qilishda yo‘l haqi 3 000 so‘m bo‘lib qoladi, biroq bir soat ichida transport almashtirishda 1 500 so‘mlik imtiyozli tarif va keyingi safarlar bepul amal qiladi.

Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanuvchilar uchun yangi tariflar joriy etiladi. 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab poytaxt avtobuslari va metropolitenida elektron to‘lov orqali amalga oshiriladigan bir martalik qatnov narxi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga ko‘tariladi. Bu amaldagi tarifga nisbatan qariyb 47 foizlik oshishni anglatadi. Naqd pulda to‘lov qilishda esa yo‘l haqi 3 000 so‘m miqdorida saqlanib qoladi.

Yangi tariflar Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, ular avtobus va metro qatnovlariga birdek tatbiq etiladi. Shu bilan birga, transport kartasidan foydalanadigan yo‘lovchilar uchun bir soat davomida transport almashtirishda imtiyozli tariflar ham saqlab qolinadi.

Bir soat ichida transport almashtirish arzonroq bo‘ladi

Yangi tizimda birinchi qatnov uchun 2 500 so‘m to‘lanadi. Agar yo‘lovchi transport kartasi orqali birinchi safardan keyin 60 daqiqa ichida boshqa avtobusga o‘tsa, ikkinchi qatnov uchun 1 500 so‘m to‘laydi. Shu vaqt oralig‘ida uchinchi va undan keyingi avtobus qatnovlari uchun qo‘shimcha haq olinmaydi.

Avtobus va metroni birgalikda ishlatganda ham ushbu imtiyozli tizim amal qiladi. Bunda birinchi qatnov 2 500 so‘mni, keyingi transport almashinuvlari esa belgilangan tartibda 1 500 so‘mni tashkil etadi.

Metrodan bir soatlik tarif doirasida faqat bir marta foydalanish mumkin. Agar yo‘lovchi metro xizmatiga yana murojaat qilsa, yangi 60 daqiqalik hisob boshidan boshlanadi.

Transport kartalari uchun yangi tariflar

Yangi qaror transport kartalaridan muntazam foydalanadigan yo‘lovchilar uchun ham bir qator tarif rejalarini belgiladi.

Faqat avtobusdan foydalanish uchun bir kunlik tarif 11 500 so‘m, 30 kunlik tarif esa 250 ming so‘m etib belgilangan. Avtobus va metrodan birgalikda foydalanish imkonini beruvchi tariflarda bir kunlik to‘lov 13 500 so‘m, 30 kunlik tarif esa 345 ming so‘mni tashkil etadi.

Doimiy ravishda transportdan foydalanmaydigan yo‘lovchilar uchun esa qatnovlar soniga mos maxsus paketlar ham joriy etiladi. Jumladan, 10 ta safar — 19 ming so‘m, 20 ta safar — 38 ming 500 so‘m, 30 ta safar — 57 ming 500 so‘m etib belgilangan.

Ayrim toifalarga 50 foizlik chegirma

Yangi tariflarda o‘quvchilar, talabalar, nafaqadagilar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham imtiyoz nazarda tutilgan.

Ushbu toifadagi yo‘lovchilar transport kartalari uchun tarif rejalarini xarid qilishda belgilangan narxning 50 foizi miqdorida chegirmadan foydalanishi mumkin. Qonunchilikda belgilangan tartibda jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega shaxslar uchun mavjud imtiyozlar ham saqlanib qoladi.

Shunday qilib, 1 oktyabrdan Toshkentda elektron to‘lov orqali bir martalik yo‘l haqi 2 500 so‘m, naqd to‘lov esa 3 000 so‘m bo‘ladi. Bir soat ichida transportni almashtirishda esa yo‘lovchilar uchun 1 500 so‘mlik imtiyozli qatnov va keyingi safarlarda bepul yurish imkoniyati saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, yangi tariflar haqidagi masala avvalroq loyiha sifatida muhokamaga qo‘yilgan edi. O‘sha jarayonda Transport vazirligi tarif o‘zgarishi bilan bir qatorda tashuvchilarga qo‘yiladigan xizmat sifati talablari, jumladan, qatnovlarning muntazamligi va transport vositalarining holati kabi masalalar ham inobatga olinishi lozimligini bildirgan. Keyinchalik Toshkent shahar Kengashi yangi tariflarni tasdiqladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar