Davlat xizmatchilari uchun yangi ish cheklovi kiritiladi

O‘zbekistonda davlat idoralarida ishlagan ayrim rahbar va mas’ul xodimlarning keyinchalik o‘zi nazorat qilgan tashkilotlarga ishga o‘tishi bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin. Bu borada manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan tegishli nizom loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, davlat organi yoki boshqa tashkilotda mehnat shartnomasi tugatilgan yoxud xizmatdan bo‘shatilgan xodim so‘nggi ikki yil davomida o‘zi bevosita yoki bilvosita nazorat qilgan tashkilotga ishga qabul qilinmoqchi bo‘lsa, avvalo korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasi talab etiladi.
Ya’ni sobiq rahbar yoki mas’ul xodim o‘z vakolati davrida nazorat qilgan, tekshirgan yoki qarorlariga ta’sir o‘tkazgan tashkilotga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga o‘ta olmaydi. Bu jarayon avval maxsus o‘rganiladi va korrupsiyaviy xavf darajasi baholanadi.
Hujjatda mazkur tartibning asosiy maqsadi manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish xavfini kamaytirish va “aylanma eshik” holatlarining oldini olish ekani ta’kidlangan.
“Aylanma eshik” deganda, odatda davlat lavozimida ishlagan shaxsning o‘zi nazorat qilgan yoki ta’sir ko‘rsatgan tashkilotga keyin ishga o‘tishi tushuniladi. Bunday holatlarda avvalgi xizmat vakolatlari, aloqalar yoki ichki ma’lumotlar shaxsiy manfaat uchun ishlatilishi xavfi paydo bo‘lishi mumkin.
Nizom loyihasi davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar, davlat muassasalari, shuningdek, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari va boshqaruv xodimlariga nisbatan tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, ishga qabul qiluvchi tashkilot sobiq xodimning oxirgi ish joyidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi xulosasini majburiy ravishda so‘rab olishi shart bo‘ladi. Bunday xulosa bo‘lmasa, ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Loyihada korrupsiyaviy xavf darajasi “past”, “o‘rta” va “yuqori” toifalarga ajratilishi belgilangan. Agar o‘rganish natijasida “yuqori” xavf aniqlansa, xodimni ishga qabul qilish rad etiladi.
Shuningdek, salbiy xulosaga qaramasdan yoki umuman xulosasiz ishga qabul qilgan mansabdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.
Qisqasi, yangi loyiha davlat xizmatida shaffoflikni oshirish, manfaatlar to‘qnashuvini kamaytirish va rahbar xodimlarning keyingi mehnat faoliyatini qonuniy nazoratga olishga qaratilgan. Bu yerda asosiy g‘oya oddiy: lavozimdan ketdingmi, nazorat qilgan joyingga “tixonko” o‘tib ketish endi oson bo‘lmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!