Noqonuniy migratsiyani tashkil etganlar 15 yilgacha qamalishi mumkin

O‘zbekistonda noqonuniy migratsiyani tashkil etish va unga ko‘maklashish uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi taklif qilinmoqda. Migratsiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga 223-1-modda — “Noqonuniy migratsiyani tashkil etish” kiritilishi mumkin. Unga binoan, qonunda belgilangan tartibni buzgan holda moddiy manfaat ko‘zlab noqonuniy migratsiyani uyushtirish, shuningdek, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yoki O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga noqonuniy olib kirish, davlat chegarasi orqali o‘tkazish, xorijga chiqarish yoxud O‘zbekiston hududi orqali boshqa davlatga noqonuniy tranzitini tashkil etish, boshqarish yoki bunday faoliyatga yordam berish uchun javobgarlik belgilanadi.
Bunday qilmishlar, jumladan, noqonuniy migrantlarni transport vositasi yoki yashash joyi bilan ta’minlash orqali amalga oshirilsa, aybdor shaxs uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosiga tortilishi mumkin.
Agar jinoyat yirik miqdorda, bir guruh shaxs tomonidan, mansabdor shaxs ishtirokida, takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi taklif etilmoqda.
Noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq harakatlar o‘ta yirik miqdorda amalga oshirilsa, inson hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi usullardan foydalanilsa yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.
Mutasaddilarga ko‘ra, mazkur tashabbus noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish, bunday holatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda milliy qonunchilikni xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi hozircha yakuniy qabul qilingan hujjat emas. U bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 2026 yil 8 sentyabrgacha davom etadi.






























Izohlar 0
…