Garri Keyn o‘zini Oltin to‘p uchun asosiy nomzodlardan biri deb hisoblamoqda

Bavariya hujumchisi Garri Keyn yakunlangan mavsumdagi ajoyib natijalaridan so‘ng o‘zini nufuzli "Oltin to‘p" mukofotiga asosiy da’vogarlardan biri deb bilishini ma’lum qildi. Angliyalik to‘purar L’Equipe nashriga bergan intervyusida o‘zining gollari va jamoaviy yutuqlari uni ushbu sovringa yaqinlashtirganini ta’kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Bu mavsumda kiritgan gollarim va qo‘lga kiritgan sovrinlarimni hisobga olsa, men poygada bor deb o‘ylayman. Ayniqsa, Angliya terma jamoasi AQSH, Meksika va Kanadada o‘tadigan Jahon chempionatida g‘olib chiqsa, sovrin ingliz futbolchisiga nasib etishini tasavvur qilish qiyin emas", — dedi 32 yoshli hujumchi.
Keyn Bavariya safida barcha musobaqalarda 61 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. U bu natijani Lionel Messi va Krishtiano Ronaldo darajasidagi ko‘rsatkich deb hisoblaydi. "60 talik dovondan o‘tganingizdan so‘ng, siz Lionel Messi va Krishtiano Ronaldo bilan bir xil stratosferaga chiqasiz. Bir paytlar ularning raqamlari men uchun yetib bo‘lmasdek tuyulardi", — deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, hujumchi Angliya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Tomas Tuxel haqida ham ijobiy fikr bildirdi. Keyn Myunxen klubidagi faoliyati davomida mutaxassis bilan ishlash unga yoqqanini va uning g‘oyalari terma jamoaga muvaffaqiyat keltirishiga ishonishini aytdi.
"Oltin to‘p" topshirish marosimi 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Garri Keyn o‘zining tug‘ilgan shahrida ushbu mukofotni qo‘lga kiritish u uchun o‘zgacha ramziy ma’noga ega bo‘lishini yashirmadi.





























Izohlar 0
…