Ravshan Haydarov: "Hech kimga, hatto Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchilarga ham asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan"
Osiyo chempioni – O‘zbekiston U20 terma jamoamizni oldinda jahon chempionati kutib turibdi. Tez orada bosh murabbiy Ravshan Haydarov va uning shogirdlarini yanada jiddiy, unutilmas va o‘ta mas’uliyatli o‘yinlar qarshi oladi.
Mundialga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun vakillarimiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshlash arafasidalar. Aynan tayyorgarlik oldidan Ravshan Haydarov Sports.uz saytiga bo‘lajak rejalar, tayyorgarlik jarayonlari va jahon chempionati xususida gapirdi.
Bo‘lajak yig‘in to‘g‘risida
- Futbolchilarimiz o‘z klublariga qaytib, 2-3 ta o‘yinlarda ishtirok etishyapti. 15 apreldan yig‘inimizni boshlaymiz. Bu galgi o‘quv-mashg‘ulotimiz Ispaniyada bo‘lib o‘tadi. Hozir shu yig‘inga tayyorgarlik ketyapti. 15 aprel kuni terma jamoaga jalb qilingan o‘yinchilar ixtiyorimizga yetib kelishadi. Shu bilan jahon chempionatiga tayyorgarligimiz reja asosida davom etadi. Ispaniyada 17-28 aprel kunlari davomida yig‘in o‘tkazamiz. U yerda 3 ta o‘rtoqlik uchrashuvlari rejalashtirilgan. Braziliya, Dominikan va Gibraltar terma jamoalariga qarshi maydonga tushamiz. Futbolchilarimizni jahon chempionatiga tayyorgarlik davomida mana shunday uchrashuvlar orqali yana sinab, o‘yin amaliyotlarini oshirib boramiz. Raqiblar ham yaxshi tanlangan. Ushbu uchta o‘yinni tanlaganimiz sababi shuki, bu orqali jahon chempionatidagi guruh bosqichi modelini sinab ko‘rmoqchimiz. Ispaniyadan qaytib kelganimizdan so‘ng tayyorgarligimizni 1-10 may oralig‘ida Toshkentda davom ettiramiz. Rejamiz bo‘yicha 10 may sanasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan mamlakatga yo‘l olamiz.
Braziliyaga qarshi bahs – haqiqiy motivatsiya!
- Albatta, bunday o‘yinlarni o‘tkazish juda muhim. Yigitlarimiz Osiyo chempionatida o‘z o‘yinlari bilan va qit’a g‘olibi bo‘lgach, mavqelarini, reytingini ko‘tara oldilar. Shu sababli kuchli jamoalar bilan uchrashuvlarni tashkil etish osonroq bo‘lyapti. Albatta, jamoamizning maqomi bunday uchrashuvlarni kelishishda va o‘yin tashkil qilishida katta rol o‘ynaydi. Harqalay Osiyo chempionligi qo‘lga kiritilganidan keyin o‘zbek futbolining reytingi ham ancha oshdi.
U23 va U20 terma jamoalarimiz bilan qo‘lga kiritilgan Osiyo chempionliklari o‘rtasidagi tavofut
- Oldingi terma jamoadagi yigitlar tajribaliroq edi. U23 Osiyo chempionatiga juda katta tayyorgarlik bilan kelishgandi. O‘sha tarkibda 2015 yilgi Yangi Zelandiyadagi jahon chempionatida qatnashgan futbolchilar bor edi va bu tajriba ham katta rol o‘ynagan. Bundan tashqari, Osiyo chempionatida ham ishtirok etishgan. Farqi shundaki, hozirgi yigitlarda u qadar tajriba yo‘q edi. Lekin tayyorgarlik jarayonida tajribani singdirishga harakat qildik. Harqalay bu jamoamiz yoshroq. Oldingi terma jamoamiz bilan Osiyo chempionati, jahon chempionati U23 chempionatlariga yetib borgandik. Mana, endi tarix qaytarilyapti. 18-19 yoshdagi futbolchilar bilan Osiyo chempionatida birinchi qatnashishimiz, endi jahon chempionatida ishtirok etamiz. Undan so‘ng U23 terma jamoasiga aylanishadi. Bu jamoa ham aniq tizim bilan ketyapti va o‘sha yo‘lni bosib o‘tyapti. Biz endi yanada tajribaliroq bo‘ldik va murabbiylar shtabining ham mahorati ancha shakllandi. Oldingi qilingan xatolarni takrorlamaslikka harakat qilyapmiz. O‘yin tashkil qilishimiz ham sifatliroq bo‘lyapti. Hozirgi tizimga mos ravishda tayyorgarlikni davom ettiryapmiz.
Mundialdagi imkoniyatimiz haqida
- Maqom bo‘yicha biz jahon chempionatiga Osiyo chempioni sifatida tashrif buyuryapmiz. Buning albatta mas’uliyati bo‘ladi. Barcha tayyorgarligimizni shunga yarasha bajarishimiz kerak. Albatta, bu oson bo‘lmaydi. Jahon chempionatida jamoalarning sifati ham, saviyasi ham juda yuqori bo‘ladi. O‘sha saviyaga yaqinlashish va buni his qilish uchun Braziliyadek raqiblarga qarshi o‘yinlar tashkil qilmoqdamiz. Jahon chempionati saviyasiga mos kelish uchun yuqori darajada tayyorgarliklarni tashkil qilyapmiz.
Haydarov chinakamiga terma jamoa murabbiyimi?
- Men ancha yillardan beri yoshlar bilan ishlab kelyapman. O‘smirlar, yoshlar, U23 terma jamoalarimiz, umuman hammasi bitta maqsad yo‘lida ishlaydi – milliy terma jamoamizga sifatli futbolchilarni yetkazib berish. Bu missiyada o‘zimni qulay his qilyapman.
Yig‘inga yana yangi o‘yinchilar chaqirildimi?
- Yangi futbolchilar deb kimni aytish mumkin? Masalan, bu yig‘inimizga Umid Sultonov, Muzaffar Mo‘minov kabilar ham taklif qilingan. Qolganlar sinovdan o‘tgan o‘yinchilar. Osiyo chempionatida qatnashmagan yigitlar ham bor. Hammaga imkoniyat berishga harakat qilamiz. Osiyo chempionatida ishtirok etgan 23 nafar o‘yinchidan tashqari yana ro‘yxatimizda bo‘lgan va raqobat qila oladigan 7-10 nafar futbolchilar bor. Hech kimga, hatto Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchilarga ham asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring