23:19 / 02.07.2024
814

Shomurodov faoliyati kutilmagan tomonga o‘zgarishi mumkin!

Shomurodov faoliyati kutilmagan tomonga o‘zgarishi mumkin!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabrida Rossiya Premer-ligasidan Italiya A Seriyasiga ko‘chib o‘tganidan beri har transfer oynasi ochilishi bilan legionerimiz voqealar markazida bo‘ladi.

Bu gal ham xuddi shu holat takrorlanmoqda. Aslida “Roma”ga tegishli bo‘lgan 29 yoshli hujumchi yakunlangan mavsumni “Kalyari”da o‘tkazdi. Sardiniyaliklar o‘zbek legionerini to‘liq transfer qilish uchun poytaxtliklar so‘ragan mablag‘ – 9 million yevroni topib bera olmadi.

30 iyun kuni Eldorning ijara shartnomasi tugab, hamyurtimiz yana rasman “Roma” futbolchisi maqomiga qaytdi.

Italiya va Rossiya futbolini yaxshi biladigan mutaxassis Igor Kolivanov o‘zbekistonlik charm to‘p ustasining “Roma”dagi vaziyati bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Eldor “Roma”ning yangi bosh murabbiyi Daniele De Rossiga kerak bo‘lib qolishi ehtimoli va imkoni bor. Chunki bu mutaxassis hali Shomurodov bilan shaxsan tanish emas.

Ha, klubda raqobat jiddiy, jamoa o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ymoqda, lekin Daniele De Rossi o‘yinchiga boshqacha nazar bilan qaraydi, unga imkon berishi mumkin.

Oldinda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bor. Futbolchi o‘zini ko‘rsata olishi, jamoaga yordami tegishini namoyish qilishi kerak.

Agar murabbiy shunda ham o‘yinchini tarkibga kiritmasa, u holda boshqa jamoaga ketgan ma’qul, chunki zaxirada payt poylab o‘tirmasdan, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shomurodovga ham har qanday futbolchiga bo‘lgani kabi unga ishonch bildirishlari muhim, uchta o‘yin bir zaxiradan maydonga tushirilishi, o‘nta o‘yinda bir bor boshlang‘ich tarkibga kiritilishi – ham ruhiy ham jismoniy tomondan juda og‘ir holat hisoblanadi
, - dedi Igor Kolivanov.

Rossiyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, Shomurodov A Seriyaning o‘rtamiyona jamoalari va hatto boshqa xorijiy klublarda ham asosiy tarkibning muqim o‘yinchisi bo‘lishga qodir.

- Qarorni futbolchining o‘zi qabul qilishi kerak. Chunki asosiy masala “Roma” pul ishlab olishni istayotganiga borib taqaladi. Shu bois, hozircha, Eldor Shomurodov juda murakkab vaziyatda, - dedi Igor Kolivanov.

Eslatib o‘tamiz, Igor Kolivanov faoliyatining besh yilini Moskvaning “Dinamo” klubida o‘tkazganidan keyin Italiyaga yo‘l olgan. Mashhur hujumchi o‘n yil davomida “Fodja” va “Bolonya” klublari sharafini himoya qilgan.

Eldor Shomurodov A Seriyada “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” jamoalarida to‘p tepdi.

Legionerimiz Italiya chempionatiga ko‘chib o‘tganidan beri hozirgacha jami 102 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 15 ta gol yozdirib qo‘ygan va jamoadoshlariga 9 ta golli pas uzatgan. Bugungi kunda Eldor Shomurodovning transfer narxi 5 million yevroga baholanmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov faoliyati kutilmagan tomonga o‘zgarishi mumkin!