date
views 1 357

Krishtianu Ronaldu: "Mening ertagim"

Krishtianu Ronaldu: "Mening ertagim"
Bugun afsonaviy futbolchi Krishtianu Ronaldu 40 yoshni qarshiladi.

Menda etti yoshligimdan qolgan unutilmas xotira mavjud. U shunchalik ravshan koʻrinadiki, hozir ham bemalol koʻz oldimga keltira olaman va u menga yoqimli kayfiyat bagʻishlaydi. Ushbu xotira oilam bilan bogʻliq.

Oʻshanda men chinakam futbolni endigina oʻynashni boshlagan edim. Ilgari Madeyra koʻchalarida doʻstlarim bilan shunchaki toʻp tepib yurardim. Koʻcha deganda boʻm-boʻsh yoʻlni emas, haqiqiy koʻchani nazarda tutyapman. Bizda darvoza ham, boshqa biror narsa ham yoʻq edi, mashinalar oʻtganda oʻyinni toʻxtatishga majbur boʻlardik. Men bundan juda mamnun edim, lekin otam "Andorina" futbol klubida kiyim-kechimlarga mas'ul shaxs boʻlib ishlardi va u meni yoshlar jamoasiga borishga undardi. Bilardimki, bu ishim otamni juda xursand qilardi, shuning uchun taklifini erda qoldirmadim.

Birinchi kuni men tushunmaydigan koʻp qoidalar bor edi, lekin menga u er yoqib qoldi. Men jamoaning strukturasi va gʻalabaga boʻlgan tashnaligiga oʻrganib qoldim. Ishchilar kiyimidagi sersoqol otam har oʻyinni bir chetda tomosha qilardi. U oʻyinimdan zavqlanardi. Ammo onam va singillarim futbolga qiziqmasdi.

Shu sababli, har kuni kechki ovqat paytida otam ularni mening oʻyinimni tomosha qilish uchun undashga harakat qilardi. Dadam mening birinchi agentim desam mubolagʻa boʻlmaydi. Yodimda, u bilan oʻyinlardan qaytganimizdan soʻng toʻlqinlanib, "Krishtianu gol urdi!" deya oila a'zolarimga aytib berardi.

Ular esa: "Voy, zoʻr-ku," deyishardi. Lekin umuman hayajonlanishmasdi, oddiy gap eshitgandek qabul qilishardi, tasavvur qilyapsizmi?

Otam keyingi safar uyga kelib: "Krishtianu ikkita gol urdi!" derdi. Ularda esa hamon hayajondan asar koʻrinmasdi. Shunchaki: "Juda yaxshi, Krish," deb qoʻyishardi.

Xoʻsh, men nima qila olardim? Shunchaki gol urishda davom etaverdim. Bir kuni kechqurun otam uyga kelib: "Krishtianu uchta gol urdi! U ajoyib oʻynadi! Uning oʻyinini koʻrishlaring kerak!" dedi.

Lekin baribir har bir oʻyin boshlanishi oldidan maydon chetiga qarardim va yolgʻiz otamning oʻzi turganiga guvoh boʻlardim. Bir kuni (bu lahzani hech qachon unutmayman) chigil yozish mashqlarini qilib, oʻgirilib qaradim va onam hamda opa-singillarimning tribuna oʻrindiqlarida oʻtirganini koʻrdim. Ular... qanday desam ekan? Ular juda qulay joylashganga oʻxshardi. Ular bir-birlariga yaqin oʻtirishgan, qarsak chalishmas, qichqirishmas, shunchaki menga qoʻl silkishardi, xuddi men paradda qatnashayotgandek. Ular, shubhasiz, ilgari hech qachon futbol uchrashuviga bormagan odamlarga oʻxshashardi. Muhimi, ular stadionda edi. Men faqat shu haqda oʻylardim.

Oʻsha lahzada oʻzimni juda yaxshi his etdim. Bu holat men uchun koʻp narsani anglatardi. Goʻyo ichimda nimadir oʻzgarib ketgandek boʻldi. Gʻururga toʻldim. Oʻsha paytlarda bizning pulimiz koʻp emasdi. Madeyradagi hayot ogʻir edi. Akamdan qolgan yoki amakivachchalarim bergan eski botinkalarda oʻynardim. Ammo bola paytingda pul haqida qaygʻurmaysan. Sen ma'lum bir his-tuygʻu bilan yashaysan. Oʻsha kuni bu tuygʻu juda kuchli edi. Oʻzimni jangga otlangan sevimli qahramonlardek his qildim. Portugalchada buni "menino querido da família" deymiz.

Bunday xotiralarni sogʻinch bilan eslayman, chunki hayotimdagi bu davr qisqa vaqt davom etdi. Futbol menga hamma narsani berdi, lekin u meni hali tayyor boʻlmasimdan uydan uzoqqa olib ketdi. 11 yoshimda oroldan Lissabondagi "Sporting" akademiyasiga koʻchib oʻtdim va bu hayotimdagi eng qiyin davr boʻldi.

Hozir bu haqda oʻylash meni hayratga soladi. Bularni yozayotganimda oʻgʻlim Krishtianu Junior maktab yoshida. Toʻrt yildan keyin uning sumkasini tayyorlab, Parij yoki Londonga joʻnatsam, oʻzimni qanday his qilishimni tasavvur qilaman. Bu holat deyarli imkonsizdek tuyuladi. Ishonchim komilki, ota-onam ham men bilan xayrlashish qanchalik qiyin ekanligini ich-ichidan his qilishgan.

Ammo bu ayriliq orzumni amalga oshirishim uchun imkoniyat edi. Shunday qilib, ular xayrlashishdi va men ketdim. Deyarli har kuni yigʻlardim. Garchi Portugaliyada boʻlsam-da, goʻyo boshqa mamlakatga koʻchib oʻtgandek edim. U erning shevasi butunlay boshqa tilga oʻxshardi. Madaniyat ha boshqacha edi. Men hech kimni tanimasdim va nihoyatda yolgʻiz edim. Oila a'zolarim faqat toʻrt oyda bir marta meni koʻrgani kelishlari mumkin edi. Ularni shunchalik sogʻindimki, har bir kunim iztirobda oʻtdi.

Futbol meni harakatga keltirdi. Maydonda akademiyadagi boshqa bolalar uddalay olmaydigan ishlarni qilayotganimni bilardim. Esimda, birinchi marta bolalardan birining boshqasiga: "Uning nima qilganini koʻrdingmi? U yirtqichning oʻzginasi", deganini eshitdim.

Bunday gap-soʻzlar tez-tez quloqqa chalina boshladi. Hatto murabbiylardan ham eshitdim. Lekin shunda kimdir doim: "Ha, lekin afsuski, u juda kichkina," derdi.

Toʻgʻri, men ozgʻin edim. Mushaklarim yoʻq edi. Shuning uchun 11 yoshimda bir qarorga keldim. Iqtidorim koʻpligini bilardim, lekin hammadan koʻra koʻproq ishlashga qaror qildim. Yosh boladek oʻynashni bas qilmoqchi edim. Oʻzimni yosh boladek tutishni toʻxtatmoqchi edim. Dunyoda eng zoʻr boʻla oladigan darajada shugʻullanmoqchi edim.

Bu tuygʻu qayerdan paydo boʻlganini bilmayman, faqat ichimda paydo boʻlgandi. Bu hech qachon tark etmaydigan ochlikka oʻxshaydi. Yutqazsang, och qolgandek boʻlasan. Gʻalaba qozonganingda, ozgina ushoq eysan-u, baribir och qolgandek boʻlasan. Buni tushuntirishning yagona yoʻli shu.

Kechasi mashq qilish uchun yotoqxonadan yashirincha chiqa boshladim. Oʻzimning shakllanayotganim va tezlashayotganimni his qilardim. Keyin maydonga chiqardim va odamlar: "Qoyil, lekin u juda ozgʻin," deya shivirlashardi. Endi ular menga xuddi qiyomat-qoim boʻlgandek qarashardi.

15 yoshimda mashgʻulotlar paytida ba'zi jamoadoshlarimga murojaat qildim. Buni juda yaxshi eslayman. Men ularga: "Bir kun kelib dunyoning eng yaxshi futbolchisi boʻlaman," dedim.

Ular ustimdan rosa kulishdi. Oʻshanda hali "Sporting"ning asosiy jamoasida ham emasdim, lekin bunga ishonardim. Men chindan ham shunday vazifani amalga oshirmoqchi edim.

17 yoshimda professional futbol oʻynay boshlaganimda, onam stress tufayli oʻyinimni deyarli tomosha qila olmasdi. U eski "Xose Alvalade" stadionida oʻyinimni tomosha qilish uchun kelardi va katta oʻyinlar paytida shunchalik asabiylashardiki, bir necha marta hushidan ketgan. Jiddiy aytyapman, hushidan ketgan. Shifokorlar faqatgina mening oʻyinlarim sababli unga tinchlantiruvchi dorilarni yoza boshlashdi.

Onamdan "Futbolga qiziqmagan paytlaringizni eslaysizmi?" deb soʻrayman.

Orzularim tobora kengayib borardi. Milliy terma jamoa libosini kiyishni, shuningdek, Manchesterda toʻp tepshini xohlardim, chunki televizorda doimo Premer-ligani tomosha qilardim. Oʻyin shiddati va muxlislar kuylagan qoʻshiqlar meni maftun etardi. Stadiondagi muhit oʻzgacha ta'sir oʻtkazardi. "Manchester Yunayted" a'zosiga aylanganim, oʻzim uchun juda faxrli ish boʻldi, lekin oilam uchun yanada faxrliroq boʻlgan boʻlsa kerak.

Dastlab, sovrinlarni qoʻlga kiritish men uchun juda hayajonli edi. Manchesterda birinchi marta Chempionlar ligasi sovrinini yutganimda, gʻoyatda kuchli hissiyotda edim. Birinchi "Oltin toʻp"im bilan ham xuddi shunday boʻldi. Biroq orzularim tobora kengayib borardi. Orzularning mohiyati shunda emasmi? Men har doim Madridga havas qilardim va yangi sinovlarni istardim. Madridda sovrinlar yutib, barcha rekordlarni yangilab, klub afsonasiga aylanishni xohlardim.

Madridda aql bovar qilmaydigan yutuqlarga erishdim. Ammo toʻgʻrisini aytsam, keyinchalik faoliyatimda sovrinlar yutish boshqacha hissiyotga aylandi. Madridda hamma kubokni qoʻlga kiritmasangiz, boshqalar buni muvaffaqiyatsizlik deb hisoblashadi. Bu buyuklikka boʻlgan umiddir. Bu mening vazifamdir.

Biroq ota boʻlganingizda, bu mutlaqo boshqacha tuygʻuga aylanadi. Bu tuygʻuni tasvirlay olmayman. Shuning uchun ham Madriddagi davrlarim oʻzgacha boʻldi. Men futbolchi boʻldim, ha, lekin ayni paytda ota ham edim.

Oʻgʻlim bilan bogʻliq bir lahza borki, uni doimo aniq-tiniq eslayman. Bu haqda oʻylaganimda, qalbimni iliqlik qamrab oladi.

Bu Kardiffda boʻlib oʻtgan Chempionlar ligasining soʻnggi finalida gʻalaba qozonganimizdan keyingi lahza edi. Oʻsha kecha biz tarix yaratdik. Final hushtagidan soʻng maydonda turganimda, goʻyo butun dunyoga nimadir degandek his qildim. Biroq oʻgʻlim men bilan birga nishonlash uchun maydonga chiqqanida... bamisoli barmoqning qarsillashidek boʻldi. Bir lahzada butun hissiyot oʻzgardi. U Marseloning oʻgʻli bilan yugurib yurardi. Biz kubokni birgalikda koʻtardik. Keyin qoʻl ushlashib maydonni aylandik.

Bu ota boʻlgunimcha tushunmagan quvonch edi. Bir vaqtning oʻzida shunchalik koʻp his-tuygʻular kechadiki, ularni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Men buni faqat Madeyrada mashq qilayotganimda onam va singlimning tribunada bir-biriga suyanib oʻtirganini koʻrganimdagi his-tuygʻularimga qiyoslay olaman.

Nishonlash uchun "Bernabeu"ga qaytganimizda, kichik Krishtianu va Marselito barcha muxlislar oldida maydonda oʻynab yurishardi. Bu men uning yoshida koʻchada oʻynaganimdan ancha farq qilardi, lekin umid qilamanki, oʻgʻlimning his-tuygʻulari menikiga oʻxshashdir. Menino querido da família.

Bundan keyin ham faqat gʻalaba qozonish — mening oliy maqsadim. Men shunday dunyoga kelganman. Ammo gʻalaba qozongandan keyingi hissiyotlarim, shubhasiz, oʻzgardi. Hayotimda yangi sahifa ochildi. Yangi butsalarimga maxsus soʻzlar oʻyib yozilgan. U tovonimning ustida joylashgan va men tunnelga chiqishdan oldin oʻqiydigan soʻnggi soʻzlarimdir.

Bu oxirgi eslatma... soʻnggi ragʻbat kabidir. Unda "El sueño del niño" deyilgan. Bolakayning orzusi. Ehtimol, endi tushungandirsiz.

Mening vazifam har doimgidek. Rekordlarni yangilashni davom ettirmoqchiman. Iloji boricha koʻproq unvonlarga ega boʻlishni xohlayman. Bu mening tabiatimda bor.

Lekin men uchun oʻtgan davrimning eng ahamiyatli tomoni va 95 yoshimda nabiralarimga hikoya qiladigan narsa - bu oʻgʻlim bilan qoʻl ushlashib, gʻolib sifatida maydon boʻylab yurish hissiyoti.

Umid qilamanki, biz bu ishni yana takrorlaymiz.

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.

Manba: championat.asia
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Krishtianu Ronaldu: "Mening ertagim"