date

Futbol va adolat: nega Temur Kapadze milliy jamoada qolishi kerak?

Futbol va adolat: nega Temur Kapadze milliy jamoada qolishi kerak?

Azizlar, bugun futbol haqida gaplashamiz. Oxirgi vaqtlarda milliy jamoa murabbiyi mavzusi muhokama markazida. O‘FA negadir avvaliga germaniyalik Yoaxim Lyov bilan, keyin portugaliyalik Paulu Bentu bilan muzokara o‘tkazdi. Biri rad etdi, ikkinchisi taklifni o‘rganishga kelib, qaytib ketdi. Va shu o‘rinda o‘zbekistonlik futbol muxlislarida savol paydo bo‘ldi: nega axir? O‘zbekistonni tarixda birinchi marta mundialga olib chiqqan Kapadzening nimasi yoqmayapti sizga?

Kapadze qolishi kerak

Menimcha, Temur Kapadze kamida okean ortidagi Jahon chempionatining eng oxirgi o‘yinigacha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimida qolishi shart. Uni hozirmi, musobaqadan oldinmi, mundialning birinchi turidan keyinmi ishdan ketkazish XATO bo‘ladi! Murabbiyni o‘zgartirishni muhokama qilishning o‘zi tushunarsiz qaror. Kapadze qiyin pallada O‘zbekistonni qabul qilib oldi. Uning qo‘l ostida jamoa biror marta yutqazmadi. Tehronda Erondan ochko oldi, Qatarga qarshi bahsda saralash bosqichidagi eng yorqin o‘yinini ko‘rsatdi. Ichki muhitda ham muammo bo‘lgani yo‘q, futbolchilar murabbiyni almashtiringlar, deb chiqqani yo‘q (chiqsa bilardik).

Odatda murabbiyni almashtirish yoki qoniqarsiz natijalar yoki muxlislar talabi bilan amalga oshiriladi. Lekin bizda natija ham, o‘yin ham joyida, muxlislar ham Kapadzedan mamnun. Unda o‘zbek futbolida tarix yaratgan murabbiyga ochiqchasiga hurmatsizlik qilib, u ishdan ketmagan bir paytda boshqa murabbiylar bilan muzokara o‘tkazib yurish nimaga kerak? Ishoning, Kapadze ishsiz qoladigan murabbiy emas, chempionatdagi bir nechta kuchli jamoalar Kopaning yo‘lini poylab o‘tiribdi, u ketishi bilan mo‘may pul va shartnoma taklif qilishadi. Xorijdan ham takliflar bo‘lishi aniq, axir hech qachon jahon chempionati ko‘rmagan jamoani orzusiga yetishtirgan murabbiylar ko‘p emas.

Chet elning «xo‘rozqandi»

Bentu va Lyov kabi murabbiylar bilan muzokara qilinganidan bir xulosaga kelish mumkin: futbol rahbariyatidagilar shunchaki O‘zbekiston milliy jamoasini xorijlik va mashhur murabbiy boshqarishini istamoqda. Tanlangan nomzodlarni qarang: biri «almisoqdan beri» ishsiz yurgan nemis, biri BAA murabbiyligida O‘zbekistonga qarshi hech nima qila olmagan portugal. Hatto tojik nashrlari ham O‘zbekiston biz Osiyo kubogidan chiqarib yuborgan BAAning murabbiyini olib kelyapti ekan, deb troll qilishdi.

Yoki yana bir sabab bo‘lishi mumkin: futbol rahbariyati jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz natija bo‘lishidan qo‘rqib, go‘yoki kuchli murabbiy olib kelmoqchi. Axir kuchli murabbiy kelsa, mas’uliyat ham uning gardanida qoladi-da, shundaymi janoblar? Juda xorijlik murabbiy istayotgan bo‘lsangiz, marhamat – Karlo Anchelottini olib keling! Unga Kapadze ham xursand bo‘lib joy bo‘shatib beradi. Papa Karlo bilan gaplashgan futbolchi chindan jangchiga aylanadi, u uchun qo‘rqinchli raqib qolmaydi. Bu ishni qila oladigan boshqa murabbiy yo‘q jahon futbolida.

Janoblar, sportda adolat degan tushuncha bor. Sportni sport qilgan ham shu aslida. Kim maydonda eng ko‘p yugursa, o‘sha yutadi. G‘alaba ko‘p mehnat qilganga nasib etadi. Kapadze O‘zbekistonni jahon chempionatida boshqarishga eng munosib murabbiy.

Siz O‘zbekiston guruhda qolib ketishi muvaffaqiyatsizlik, fojia bo‘lishidan qo‘rqib xorijlik murabbiy izlayapsiz, lekin ishoning, biz guruhdagi barcha o‘yinni yirik hisobda yutqazsak ham bu fojia bo‘lmaydi. Chunki biz Kapadze bilan birinchi marta mundialga chiqdik, narvonning birinchi pallasiga oyoq qo‘ydik, shuning o‘zi natija. Avvali, O‘zbekiston mundialdan sharmanda bo‘lib qaytmasligi aniq, futbolimiz darajasi juda yaxshi. Xorijlik murabbiy yo‘q narsani bor qilolmaydi.

O‘monga qarshi o‘yindan keyin stadionga borgan muxlislar Kapadzening nomini aytib hayqirishdi, tarmoqda deyarli hamma uning qolishi tarafdori, shuning o‘zi sizga xulosa chiqarish uchun asos bo‘lishi kerak. Temur futbolchilik davrida ham, murabbiylik faoliyatida ham, maydonda-yu maydondan tashqarida eng hurmatga munosib futbolchilarimizdan biri, tirik afsonamiz. Unga o‘zi yaratgan tarixni chiroyli tugatish imkonini bering...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbol va adolat: nega Temur Kapadze milliy jamoada qolishi kerak?