
«Al-Ahli» – «Andijon» (2:0) uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etdi va jurnalistlar savollariga javob berdi.
Samvel Babayan uchrashuvdan so‘nggi fikrlarini ochiq va xolis tarzda bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur bahs «Andijon» uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.
— Afsuski, juda muhim o‘yinda mag‘lubiyatga uchradik. Agar bu bellashuvda ijobiy natija qayd etganimizda, guruhdan chiqish imkoniyati saqlanib qolardi. Rostini aytganda, bugun bizdan kuchliroq jamoaga qarshi o‘ynadik. Uchrashuv oldidan uchta asosiy jihatga e’tibor qaratgandik: o‘yinni to‘g‘ri tashkil qilish, intizom va g‘alabaga chanqoqlik. Afsuski, shu omillardan faqat oxirgisinigina maydonda namoyish eta oldik. Qolgan komponentlarda raqib bilan tengma-teng kurasha olmadik, — dedi murabbiy.
Shu bilan birga, Babayan o‘z shogirdlarining harakatlarini ijobiy baholadi:
— Obyektiv qarasak, futbolchilar bor kuchini berdi. Maydonda qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishdi. Shu sabab ularga nisbatan e’tirozim yo‘q. «Al-Ahli»ni keyingi bosqichga chiqqanligi bilan tabriklayman. «Andijon» esa, ishonamanki, o‘z g‘alabalarini keyingi mavsumda davom ettiradi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar «Andijon» uchun mavsum yakunlangani va endi oldinda qanday rejalar borligi haqida ham savol berishdi.
— Kelgusi mavsumda yuqori maqsadlar qo‘yish uchun seleksiya ishlarini kuchaytirishimiz shart. Bu borada allaqachon muayyan qadamlar tashlayapmiz. Darajasi yuqori bo‘lgan ayrim futbolchilar bilan shartnomalar imzolandi va ular keyingi mavsumda jamoa sharafini himoya qiladi. Yangi keladigan o‘yinchilar hamda amalga oshirilayotgan ishlar «Andijon»ni yanada kuchli jamoaga aylantiradi, deb ishonaman. Sabr qilsak, muxlislarimiz faxrlanadigan jamoani shakllantiramiz, — dedi Babayan.
Shu tariqa, mag‘lubiyatga qaramay, "Andijon"da kelajakka ishonch saqlanib qolmoqda. Klub rahbariyati va murabbiylar shtabi yangi mavsumda jamoani yanada raqobatbardosh qilish niyatida. Muxlislar esa endi kelasi yilda maydonga chiqadigan «Andijon»dan ko‘proq g‘alabalar kutishlari mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.