Arsenal Lester Siti vingerini sotib olishga yaqin turibdi

Londonning Arsenal klubi Angliya Premer-ligasidagi raqiblarini ortda qoldirib, Lester Siti jamoasining iqtidorli yosh yulduzi Jeremy Monga bilan shartnoma imzolash arafasida turibdi. "Kanonirlar" 16 yoshli vingerga yozgi transfer oynasidagi asosiy maqsadlardan biri sifatida qaramoqda. Klub rahbariyati mamlakatdagi eng sara yosh iqtidorlarni oʻz safiga qoʻshib olish orqali tarkibni kuchaytirishni rejalashtirgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
The Times nashri xabariga koʻra, Arsenal Monga uchun kurashda yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Lester Siti jamoasining Chempionshipda 23-oʻrinni egallab, quyi ligaga tushib ketishi iqtidorli futbolchining jamoani tark etish jarayonini tezlashtirib yubordi. Jeremy Monga 15 yoshu 271 kunligida Nyukasl Yunaytedga qarshi oʻyinda debyut qilib, Angliya Premer-ligasi tarixidagi uchinchi eng yosh futbolchiga aylangan edi.
Oʻsha vaqtdagi murabbiy Ruud van Nistelrooy oʻsmirning salohiyatini yuqori baholagan: "Uning ajoyib sifatlarini koʻrish mumkin edi. U tezkor va fantastik iqtidorga ega vinger. Jeremy bu daqiqalarga loyiq edi va umid qilamanki, kelajakda yanada koʻprogʻiga erishadi". Mikel Arteta ham Angliya U-19 terma jamoasi aʼzosi boʻlgan ushbu koʻp qirrali futbolchining ashaddiy muxlisi hisoblanadi.
The Standard nashrining yozishicha, yosh yulduzning transfer qiymati 10 milliondan 15 million funt-sterlinggacha baholanmoqda. Monga 10-iyul kuni 17 yoshga toʻlganida Lester Siti bilan professional shartnoma imzolashi kerak, shuning uchun Arsenal transferni ushbu sanagacha yakunlashga harakat qilmoqda. Bu transfer London klubining hujum chizigʻidagi raqobatni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…