«Paxtakor» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Islom Ismoilov nimalar dedi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Superliganing 25-turida «Neftchi» klubi «Paxtakor» ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, ta’qibchilari bilan oradagi farqni 5 ochkogacha yetkazdi.
- Bosh murabbiy Islom Ismoilov o‘yindagi taktik o‘zgarishlar, xususan, 3-4-3 sxemasidan 4-3-3 taktikasiga o‘tish g‘alabada muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.
- Mutaxassis jamoaning 1-o‘rinda turishi ruhiy bosimni oshirayotganini qayd etib, hali chempionlik masalasi hal bo‘lmaganini bildirdi.
Superliganing 25-turi markaziy bahsida Farg‘onaning «Neftchi» klubi safarda «Paxtakor» ustidan 3:1 hisobida muhim va irodaviy g‘alabaga erishdi. Natijada farg‘onaliklar eng yaqin ta’qibchisi bilan oradagi farqni 5 ochkogacha oshirib oldi.
Uchrashuvdan so‘ng «Neftchi» bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etib, taktik o‘zgarishlar, futbolchilarning ruhiy holati hamda jarohatlar borasidagi savollarga batafsil javob qaytardi.
«Bolalar xarakter ko‘rsatishdi»: Birinchi bo‘limdagi ehtiyotkorlik va taktik burilish
Murabbiy jamoasining birinchi bo‘limdagi harakatlari va tanaffusdagi o‘zgarishlarga quyidagicha to‘xtaldi:
Natija birinchi o‘rinda: «Biz birinchi bo‘limda ko‘proq ehtiyotkor futbol namoyish etishga urindik. Sababi — bunday bahslarda natija har doim birinchi o‘ringa chiqadi. Lobanovskiy ta’kidlaganidek: o‘yin unutiladi, natija tarixda qoladi. Hujumkor o‘ynab himoyada gol o‘tkazib yuborsak, tanqidlar bo‘lishi tabiiy;
Sxemalarning almashishi: O‘yinni 3-4-3 sxemasida boshlagan edik, ammo o‘tkazib yuborilgan penaltidan so‘ng 4-3-3 taktikasiga qaytdik;
Rejadagi kuchaytirish: «Paxtakor» odatda 60-daqiqalardan keyin faollashishini bilgan holda, ikkinchi bo‘limda Alisher Odilov va Abror Ismoilovni maydonga tushirib qanotlarni kuchaytirdik. O‘ylaymanki, ikkinchi bo‘limda raqibga deyarli hech qanday imkoniyat qoldirmadik», — dedi mutaxassis.
Ruhiy bosim: «1-o‘rinda turib o‘ynashning yuki boshqacha»
Ismoilov jamoaning keyingi paytlardagi himoyadagi xatolarini futbolchilarning ruhiyati bilan bog‘ladi:
Yo‘qotadigan narsasi bor jamoa: «Jadvalda 3-o‘rinda yurganingizda yo‘qotadigan hech narsangiz bo‘lmaydi, faqat oldinga intilasiz. Ammo 1-o‘rinda turganingizda bittagina xato sizni pastga tushirib yuborishi mumkinligini bilasiz. Ko‘proq qo‘rquv paydo bo‘lyapti va shu bois qarorlar shoshma-shosharlik bilan qabul qilinyapti;
Hotirjamlikka haqqimiz yo‘q: 5 ochkolik farqqa qaramay, hali chempionlik hal bo‘lgani yo‘q. Oldinda 5 ta tur bor va barcha uchrashuvlarda g‘alaba uchun maydonga tushishimiz shart».
Jarohatlar va «Manchester Siti»dagi Rodri omili
OCHL uchrashuvi oldidan yetakchilarning holati haqida so‘ralganda, murabbiy jiddiy muammolarni ochiqladi:
Zoran Marushichning holati: «Ko‘p futbolchilarimiz 30 yoshdan oshgan. O‘yin tempi juda yuqori bo‘lgani tufayli orqa son mushaklarida tortishish kuzatildi. Ikki kundan keyin «Al-Ittihod»ga qarshi o‘yin kutib turgani bois ularni tezroq tiklashimiz zarur;
Jokichning o‘rni: Bu xuddi «Manchester Siti»da Rodri jarohat olganidan so‘ng yuzaga kelgan bo‘shliqqa o‘xshaydi. Zamonaviy futbolda tayanch yarim himoyachisi atrofiga o‘yin quriladi va Jokichning safdan chiqishi bizga katta ta’sir qildi. Shunga qaramay, qolgan o‘yinchilarimiz o‘zlarining maksimal kuchini berishmoqda», — deya xulosa qildi Islom Ismoilov.































Izohlar 0
…