AQSH sudlarida yangi muammo: Sunʼiy intellekt daʼvo arizalarini koʻpaytirmoqda

AQSH sudlarida yangi muammo: Sunʼiy intellekt daʼvo arizalarini koʻpaytirmoqda

AQSH sudlarida advokatsiz oʻzini himoya qilayotgan fuqarolar soni keskin ortib bormoqda va sudyalar buni sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalari ommalashgani bilan bogʻlashmoqda. 2005-yildan 2026-yilgacha boʻlgan 4,5 millionta fuqarolik ishini tahlil qilgan tadqiqotga koʻra, yuristlarsiz topshirilgan daʼvolar ulushi 2022-yildagi 11 foizdan 2025-yilda 16,8 foizga yetgan. Kolorado shtati sudyasi Maritza Braswell sud hujjatlarida ChatGPT kabi katta til modellariga xos uslub, toʻqima pretsedentlar va mavjud boʻlmagan iqtiboslar tez-tez uchrayotganini taʼkidlamoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Massachusets texnologiya instituti va Janubiy Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari 1600 ta hujjatni Pangram detektori orqali tekshirib koʻrishdi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, 2023-yilda hujjatlarning atigi 1 foizida generatsiya belgilari boʻlgan boʻlsa, 2026-yilga kelib bu koʻrsatkich 18 foizga koʻtarilgan. Sudyalarning soʻzlariga koʻra, hujjatlar oqimi koʻpaysa-da, ularning sifati yaxshilangan. Ilgari tushunarsiz qoʻlyozma yoki chalkash argumentlardan iborat boʻlgan arizalar endilikda Microsoft Copilot yordamida tizimli va tushunarli koʻrinishga keltirilmoqda.

Biroq matnlar sifatining oshishi sud ishlaridagi muvaffaqiyatga ijobiy taʼsir koʻrsatmayapti. Advokatsiz tomonlar hali ham professional yuristlar ishtirok etgan jarayonlarda yutqazishda davom etmoqda. Tadqiqotchi Joshua Levyning tushuntirishicha, sud jarayoni faqat hujjat tayyorlashdan iborat emas va matn generatsiyasi muammoning faqat bir qismini hal qiladi. Masalan, Reddit tarmogʻidagi postlardan soʻng Vermont shtatida Microsoft Copilot orqali tayyorlangan daʼvolar soni yiliga 45 tadan 1100 tadan oshib ketgan, ammo natijadorlik pastligicha qolgan.

Hozirda AQSH sudlari yangi huquqiy muammo — foydalanuvchining chat-bot bilan muloqoti maxfiyligi ustida bahslashmoqda. Michigan sudi ChatGPT bilan yozishmalarni himoyalangan huquqiy ishning bir qismi deb tan olgan boʻlsa, Nyu-York sudi Claude orqali yaratilgan hujjatlarga nisbatan bunday maxfiylik qoʻllanmasligini bildirdi. Sudya Allison Goddardning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt baʼzan odamlarda gʻalaba qozonish imkoniyati haqida notoʻgʻri tasavvur uygʻotib, ularni asossiz sud xarajatlariga yetaklamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar