AQSh elektr tarmoqlari sunʼiy intellekt tufayli inqiroz yoqasida

AQShdagi eng yirik elektr tarmoqlari operatori PJM Interconnection oʻnlab yillar davomida barqaror faoliyat yuritib kelgan boʻlsa-da, bugungi kunda jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Sunʼiy intellekt va bulutli texnologiyalarning rivojlanishi elektr energiyasiga boʻlgan talabni keskin oshirib yubordi, bu esa mavjud infratuzilmaning imkoniyatlarini chegaralab qoʻydi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
PJM kompaniyasi yaqinda eʼlon qilgan hisobotida tizimni tubdan isloh qilish uchun bir necha yil vaqt qolganini taʼkidladi. Kompaniya rahbari David Mills hozirgi vaziyatni barqaror emas deb atadi. Ayniqsa, Shimoliy Virginiyadagi maʼlumotlar markazlarining elektr energiyasiga boʻlgan yuqori talabi butun texnologiya olamiga taʼsir koʻrsatmoqda.
Vaziyat shunchalik murakkabki, American Electric Power kabi yirik kommunal xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar PJM tarkibidan chiqish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. 2022-yilda yangi quvvatlarni tarmoqqa ulash jarayonining toʻxtatib qoʻyilishi va byurokratik toʻsiqlar tufayli koʻplab loyihalar amalga oshmay qoldi.
PJM hozirda vaziyatdan chiqish uchun uchta yoʻlni taklif qilmoqda: uzoq muddatli majburiyatlarni kuchaytirish, mijozlar uchun ishonchlilik kafolatlarini qayta koʻrib chiqish yoki bozor narxlarini real vaqt rejimida tartibga solish. Biroq, bu choralar muammoni toʻliq hal qila oladimi yoki yoʻq, hozircha nomaʼlum.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!