AQShdagi eng yirik elektr tarmogʻi maʼlumot markazlarini tarmoqdan uzishi mumkin

AQShdagi eng yirik elektr tarmogʻi operatori PJM Interconnection energiya tanqisligi paytida yirik maʼlumot markazlari va boshqa yirik isteʼmolchilarning quvvatini vaqtincha uzib qoʻyishini maʼlum qildi. ixbt.com xabar berishicha, ushbu keskin qadam sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda infratuzilmaning ortiqcha yuklamalarga bardosh bera olmayotgani sababli yuzaga kelgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Prognozlarga koʻra, maʼlumot markazlari tomonidan isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi hajmi 2035-yilga borib hozirgidan toʻrt baravar koʻpayishi kutilmoqda. Yangi generatsiya quvvatlarini qoʻshish boʻyicha oʻtkazilgan soʻnggi auksion kutilgan natijani bermagach, tarmoq operatorlari tizimda toʻliq uzilishlar (bleakaut) kelib chiqishining oldini olish uchun shunday chora koʻrishga majbur boʻlmoqda.
Tarmoqni barqarorlashtirish choralari va kompensatsiyalar
PJM Interconnection maʼlumot markazlarini elektr taʼminotidan uzish ishlarini 2027-yil iyun oyidan boshlashni rejalashtirmoqda. Bunda cheklovlar faqat quvvati 50 megavatt yoki undan yuqori boʻlgan server markazlarigagina tatbiq etiladi. Oʻnlab yillardan beri ishlab kelayotgan boshqa talabni boshqarish dasturlariga oʻxshash tarzda, elektr toki uzilgan mijozlarga oʻz vaqtida kompensatsiya toʻlab beriladi.Operator isteʼmolchilarga tarmoqdagi yuklama haqida oldindan — 30 daqiqadan bir necha kun oldin ogohlantirish yuborilishini nazarda tutgan. Biroq, bu kabi choralar bozordagi mavjud muammolarni toʻliq hal qila olmaydi. Oxirgi bir yil ichida ulgurji elektr energiyasi narxlari deyarli ikki baravar oshgan boʻlib, mustaqil bozor tahlilchilari bu oʻsishda ayniqsa maʼlumot markazlari ulushi katta ekanini taʼkidlamoqda.
Muqobil energiya manbalari va ekologik xavotirlar
Mazkur qaror kelgusida koʻplab yangi hamda mavjud maʼlumot markazlarini oʻzlarining mustaqil energiya manbalarini yaratishga undashi kutilmoqda. Aks holda, kompaniyalar zaxira generatorlarga tayanib qolishga majbur boʻladi. Koʻpincha dizel yoqilgʻisida ishlaydigan bunday generatorlar nafaqat qimmatga tushadi, balki atrof-muhitni jiddiy ravishda ifloslantiradi.Federal qoidalar bunday zaxira generatorlaridan talabni boshqarish tadbirlari uchun yiliga 50 soatgacha, favqulodda holatlar va texnik xizmat koʻrsatishni qoʻshganda esa yiliga 100 soatgacha foydalanishga ruxsat beradi. Yaqinda Shimoliy Virginiyadagi 96 megavattli maʼlumot markazi yaqinida yashovchi aholi salomatligiga yetkazilishi mumkin boʻlgan millionlab dollarlik zarar masalasi jamoatchilik va ekologlarning keskin eʼtirozlariga sabab boʻlgan edi. PJM hududi Virginiyadan Illinoysgacha boʻlgan hududni qamrab olib, 67 million mijozga xizmat koʻrsatadi.






























Izohlar 0
…