Panasonic kompaniyasining 4680 akkumulyatorlari ishlab chiqarilishi kechikmoqda

Panasonic Holdings kompaniyasining sho‘ba korxonasi bo‘lgan Panasonic Energy avtomobillar uchun mo‘ljallangan 4680 tipidagi silindrsimon litiy-ionli batareyalarni tijoratlashtirishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Kompaniya hali ham mijozlardan yakuniy tasdiq va asosiy buyurtmalarni olmagani sababli, mahsulotni ommaviy ishlab chiqarish jarayoni boshlanmay qolmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ko‘proq elektr energiyasini saqlash quvvatiga ega bo‘lgan ushbu batareyalarni seriyali ishlab chiqarish dastlab 2024-moliya yilining oxiriga rejalashtirilgan edi. Biroq, ishlab chiqarish muddati bir necha bor ortga surildi va 2026-yilning mart oyiga belgilangan maqsadga ham erishilmadi.
Qiyinchiliklar fonida Panasonic Energy AQShda 4680 elementlarini ishlab chiqarish uchun uchinchi zavodni qurish rejasini 2024-yilda muzlatib qo‘ydi. Shuningdek, Kanzasdagi avtomobil batareyalari zavodini ishga tushirish muddati ham noma’lum muddatga kechiktirildi.
Elektr avtomobillar bozoridagi talabning o‘zgarishi va ishlab chiqarishdagi muammolar kompaniyani o‘z strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Hozirda Panasonic ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismini energiya saqlash tizimlari (ESS) uchun batareyalar ishlab chiqarish sektoriga yo‘naltirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!