Anthropicʼning yangi suv belgilari foydalanuvchilar eʼtiroziga sabab boʻldi

Anthropic Claude chatboti yaratgan matnlarga Yevropa Ittifoqining sun'iy intellekt bo'yicha qonuni (EU AI Act) talablariga muvofiq, kompyuter tizimlari aniqlay oladigan raqamli suv belgilarini qo'sha boshladi. Bu qaror ayrim foydalanuvchilarning noroziligiga sabab bo'lib, Reddit'da shaxsiy hayot va erkinliklarga tahdid haqidagi fikrlar bildirildi.
Sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlgan Anthropic oʻzining Claude chatbot yaratgan matnlariga maxfiy kodlar — raqamli suv belgilarini qoʻshishni boshladi. Ushbu yangi siyosat Yevropa Ittifoqining sunʼiy intellekt boʻyicha qonuni (EU AI Act) doirasidagi Shaffoflik kodeksiga muvofiq joriy etilgan boʻlib, u texnologiya kompaniyalaridan sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan yoki tahrirlangan kontentni kompyuter tizimlari uchun aniqlash mumkin boʻlgan tarzda belgilashni talab qiladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yevropa regulyatorlari ushbu talab bajarilishidan mamnun boʻlgan bir paytda, ayrim sunʼiy intellekt foydalanuvchilari mazkur qarordan keskin noroziligini bildirmoqda. Xususan, Reddit platformasida bu boradagi munozaralar qizgʻin tus olib, foydalanuvchilar oʻrtasida turli qarama-qarshi fikrlar ilgari surilmoqda. Baʼzilar bu qadamni shaxsiy hayot va erkinliklarga tahdid sifatida baholayotgan boʻlsa, boshqalar uni tabiiy holat sifatida qabul qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklar
ixbt.com va boshqa texnologik manbalar tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, xususan, visionode laqabli foydalanuvchi bu tizimni global miqyoddagi oddiy foydalanuvchilarni nishonga oluvchi choralar deb atagan. Uning fikricha, ilgʻor foydalanuvchilar Claude javoblarini boshqa sunʼiy intellekt xizmatlari orqali qayta ishlab yoki parafraz qilib, izlarni yashirishi mumkin, biroq oʻrtacha darajadagi foydalanuvchilar qiyofasini yashira olmaydi.Tanqidchilarning taʼkidlashicha, ushbu raqamli tamgʻa tufayli oʻqishda yoki ishda Claude yordamidan foydalanadigan oddiy kishilar fosh boʻlib qolishi mumkin. Jumladan, matn parchasini qayta tashkil etish uchun chatbotdan foydalangan talaba yoki ijodiy turgʻunlik vaqtida sinonim qidirgan yozuvchilar bu jarayonda qiyinchilikka uchrashi taxmin qilinmoqda.
Mutaxassislar munosabati va etik masala
Biroq mazkur noroziliklarga nisbatan boshqa internet foydalanuvchilari va kuzatuvchilarning munosabati unchalik ijobiy emas. Mutaxassislarning fikricha, ikki yuz sahifali transkriptni sunʼiy intellekt yordamida umumlashtirgan jurnalist uchun bu suv belgilari hech qanday muammo tugʻdirmaydi, basharti u xulosani oʻz maqolasiga koʻr-koʻrona, soʻzma-soʻz koʻchirib oʻtkazmasa.Aynan shunday yondashuv oʻqish va ish jarayonlarida ham oʻrinli hisoblanadi. Claude javoblarini hech qanday tahrir yoki shaxsiy yondashuvsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz ishiga nusxalab qoʻyish aslida etika qoidalariga zid keladi. Shu boisdan ham Reddit foydalanuvchilarining aksariyati norozilik bildirgan shaxslarga vazminroq boʻlishni va texnologiyadan toʻgʻri foydalanishni tavsiya qilgan.





























Izohlar 0
…