Olimlar Yerga oʻxshash sayyorada ilk bor atmosfera mavjudligini aniqlashdi

Koinotni tadqiq etish yoʻlida insoniyat tarixiy kashfiyotlardan biriga guvoh boʻldi. Florida universiteti matbuot xizmati xabariga koʻra, astronomlar ilk bor Yer tipidagi ekzoplanetada atmosfera borligini tasdiqlashdi. Ushbu kashfiyot hayot mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan oʻzga dunyolarni izlashda yangi davrni ochib berishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
LHS 1140b deb nomlangan ushbu sayyora Kit yulduz turkumidagi qizil mitti yulduz atrofida aylanadi. U Quyosh tizimidan nisbatan yaqin masofada — taxminan 48 yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan. Olimlarning taʼkidlashicha, mazkur obyekt "super-Yerlar" toifasiga kirib, massasi boʻyicha bizning sayyoramizdan 5,6 baravar ogʻirroqdir.
Hayot uchun qulay sharoitlar
LHS 1140b oʻz yulduzi atrofini atigi 25 kunda toʻliq aylanib chiqadi. Eng muhimi, u yulduzning "yashash zonasi"da joylashgan. Bu shuni anglatadiki, sayyora oʻz quyoshiga juda yaqin ham, juda uzoq ham emas, natijada uning yuzasida suv suyuq holatda saqlanib qolishi uchun zarur harorat mavjud. Sayyora doim bir tomoni bilan yulduzga qaragan holda aylanadi, shu sababli unda kun va tun almashinishi kuzatilmaydi.Mutaxassislarning fikricha, sayyoraning yashash uchun yaroqli deb topilishi uchun uchta asosiy omil zarur: u qattiq (toshloq) yuzaga ega boʻlishi, suyuq suv mavjud boʻladigan harorat va eng asosiysi — atmosfera bilan oʻralgan boʻlishi kerak. LHS 1140b hozircha ushbu uchala talabga ham javob beradigan Quyosh tizimidan tashqaridagi eng asosiy nomzod boʻlib turibdi.
Noyob atmosfera kashfiyoti
Florida universiteti dotsenti Jeyson Dittmanning soʻzlariga koʻra, bu turdagi sayyorada atmosfera topilishi fan olami uchun kutilmagan yangilik boʻldi. Avvalroq oʻrganilgan barcha qizil mitti yulduzlar atrofidagi toshloq sayyoralarda yo atmosfera umuman boʻlmagan, yoki ular evolyutsiya jarayonida kuchli nurlanish tufayli oʻz havo qobigʻini yoʻqotgan edi.Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, LHS 1140b atmosferasi asosan geliyga boy boʻlib, uning tarkibida oz miqdorda vodorod ham mavjud. Hozircha bu yerda hayot borligi haqida toʻgʻridan-toʻgʻri dalillar yoʻq, biroq nazariy jihatdan bunday sharoitda hayotning paydo boʻlishi va rivojlanishi uchun imkoniyatlar mavjud.
James Webb teleskopi yordamida yangi tadqiqotlar
Yaqin kelajakda astronomlar ushbu ekzoplanetani yanada chuqurroq oʻrganishni rejalashtirmoqda. Buning uchun insoniyat ixtiyoridagi eng kuchli orbital qurilma — James Webb teleskopidan foydalaniladi. Tadqiqotchilar ushbu teleskop yordamida sayyora atmosferasida suv bugʻlari bor-yoʻqligini aniqlashga umid qilishmoqda.Ekspertlarning xulosasiga koʻra, LHS 1140b da atmosfera topilishi Yerga haqiqatda oʻxshash boʻlgan sayyoralarni oʻrganish yoʻlidagi ulkan qadamdir. Agar kelgusi kuzatishlar sayyorada suv va kislorod izlarini tasdiqlasa, bu koinotda yolgʻiz emasligimiz haqidagi savolga javob topishga yordam berishi mumkin.






























Izohlar 0
…