“O‘zga sayyoraliklar bormi?” NASA rahbari ochiq javob berdi

“O‘zga sayyoraliklar bormi?” NASA rahbari ochiq javob berdi

NASA rahbari Jared Ayzekman halokatga uchragan o‘zga sayyoraliklar kemalari yoki kelgindilar jasadlari haqida hujjatlar bilan tasdiqlangan biror ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi. Bu haqda u Vashingtonda o‘tgan CNBC CEO Council Summit forumida insoniyatning ehtimoliy o‘zga sayyoraliklar sivilizatsiyasi bilan aloqalari haqidagi savollarga javob berish chog‘ida gapirdi.

Ayzekmanning ta’kidlashicha, NASA AQSH hukumati tomonidan yashirib kelinayotgani haqida turli taxminlar bildirilayotgan noma’lum uchar jismlar halokatiga oid mashhur nazariyalarni tasdiqlaydigan dalillarga ega emas. Shu bilan birga, u kelib chiqishi va tabiati hozircha aniqlanmagan kosmik obyektlar haqida ma’lumotlar mavjudligini qayd etdi.

“AQSH prezidenti Donald Tramp bu tashabbusni butun hukumat miqyosida ilgari surmoqda. U barcha hujjatlarni to‘plab, mazkur mavzuga aloqador ma’lumotlarni jamoatchilikka taqdim etish tarafdori. Menimcha, bu juda yaxshi tashabbus. Ammo menda halokatga uchragan kemalar yoki o‘zga sayyoraliklar jasadlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Biroq noma’lum kosmik hodisalar bo‘yicha fayllar mavjud va biz ularni ochiq holda taqdim etmoqdamiz”, dedi Ayzekman.

Qayd etilishicha, o‘zga sayyoraliklar mavjudligi mavzusi Donald Trampning fevral oyidagi bayonotidan keyin yana keng muhokamalar markaziga qaytgan. O‘shanda u o‘zga sayyoraliklar, noma’lum anomal hodisalar va ushbu mavzudagi boshqa materiallarga oid hukumat hujjatlarini e’lon qilishni boshlashga va’da bergan edi.

Trampning aytishicha, bu vazifa bo‘yicha AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset hamda tegishli idoralarga maxsus topshiriqlar berilgan.

Mutaxassislar fikricha, arxiv materiallarining ochilishi jamoatchilikka o‘nlab yillar davomida bahs va turli nazariyalarga sabab bo‘lib kelgan noma’lum uchar jismlar haqidagi avval maxfiy saqlangan ma’lumotlar bilan tanishish imkonini berishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar