Bruno Fernandes Manchester Yunaytedni tark etishi mumkinmi?

Manchester Yunayted ijrochi direktori Omar Berrada jamoa sardori Bruno Fernandesning kelajagi borasida aniq kafolat bermadi. Klub rahbariyati portugaliyalik pleymeykerni jamoada olib qolish niyatida ekanini ta’kidlayotgan boʻlsa-da, futbolchining oʻzi tomonidan berilgan turli mazmundagi bayonotlar transfer mish-mishlarini kuchaytirmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
31 yoshli yarim himoyachi yakunlangan mavsumda ajoyib oʻyin koʻrsatib, Angliya Premer-ligasida 21 ta golli uzatma bilan rekord oʻrnatdi. U mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan boʻlsa-da, Old Trafforddagi kelajagi hali ham soʻroq ostida qolmoqda. Berrada Inside Carrington podkastida Fernandesning nafaqat maydondagi, balki kiyinish xonasidagi yetakchilik qobiliyatini yuqori baholadi.
“Biz uning qolishini istaymiz, albatta. U maydonda ajoyib mavsum oʻtkazdi, lekin eng muhimi, u hamma uchun haqiqiy yetakchi ekanini isbotladi. Odamlar uning maydon tashqarisidagi mehnatini koʻrishmaydi. U klub qadriyatlarini juda yaxshi tushunadi va yosh futbolchilarga moslashishda yordam bermoqda”, — dedi Omar Berrada.
Fernandesning amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha moʻljallangan boʻlsa-da, u avvalroq klubdagi qadri yetarlicha baholanmayotganidan shikoyat qilgan edi. Futbolchi bir vaqtlar jamoani tark etishga yaqin boʻlganini, biroq hozirda uning asosiy maqsadi Manchester Yunayted bilan Angliya Premer-ligasi va boshqa yirik turnirlarda gʻolib chiqish ekanini ta’kidladi.
Klub rahbariyatidagi tarkibiy oʻzgarishlardan soʻng, Berrada xodimlar, rahbariyat va egalar oʻrtasidagi ishonchni qayta tiklash jarayoni ketayotganini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, qabul qilingan qat’iy qarorlar moliyaviy natijalarda oʻz aksini topmoqda va bu klubning kelajakdagi rivoji uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi.





























Izohlar 0
…