Lamine Yamal La Liga mavsumining eng yaxshi futbolchisi deb topildi

Barselona klubining yosh yulduzi Lamine Yamal 2025-26-yilgi mavsum yakunlariga koʻra Ispaniya chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb eʼlon qilindi. Hansi Flick boshqaruvidagi jamoaning chempionlik poygasida gʻalaba qozonishida 18 yoshli vingerning hissasi beqiyos boʻldi. Mavsum davomida u 16 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirib, hujum chizigʻining haqiqiy yetakchisiga aylandi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Lamine Yamal ushbu muvaffaqiyati bilan bir qatorda, jamoadoshi Ferran Torres bilan birgalikda eng yaxshi toʻpurar ispan futbolchisiga beriladigan "Zarra Trophy" sovrinini ham qoʻlga kiritdi. Barselona uchun bu ketma-ket ikkinchi yil ushbu nufuzli sovrinning qoʻlga kiritilishi boʻldi — oʻtgan mavsumda bu nomga Raphinha loyiq koʻrilgan edi. Klub rasmiy bayonotida Yamalning har bir oʻyinda koʻrsatgan driblinglari va raqib himoyachilari uchun tugʻdirgan muammolari alohida eʼtirof etildi.
Kataloniyaliklarning muvaffaqiyati faqatgina Yamal bilan cheklanmadi. Jamoa ustozi Hansi Flick ketma-ket ikkinchi yil mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Uning qoʻl ostida Barselona 94 ochko jamgʻargan holda turnir jadvalida birinchi oʻrinni egalladi. Bu nemis mutaxassisining Ispaniya futbolidagi dominantligini yana bir bor isbotladi.
Himoya va darvozabonlar chizigʻida ham Barselona vakillari taqdirlandi. Joan Garcia mavsumning eng yaxshi seyvi nominatsiyasida gʻolib chiqdi. Uning "Espanyol"ga qarshi derbi uchrashuvida Pere Milla tomonidan yoʻllangan zarbani qaytarishi yilning eng yorqin vaziyati deb topildi. Shuningdek, Garcia mavsum davomida bor-yoʻgʻi 21 ta gol oʻtkazib yuborgani uchun "Zamora Trophy" sovriniga ham ega chiqdi.





























Izohlar 0
…