19:00 / 16.12.2022
1 275

Ukrainadagi urushning 295-kuni: Donetskka snaryadlar yog‘dirilishi va Xarkivda istilo izlari (foto)

Ukrainadagi urushning 295-kuni: Donetskka snaryadlar yog‘dirilishi va Xarkivda istilo izlari (foto)
Ukrainadagi urushning 295-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
  • 15 dekabr kuni tongda okkupatsiya ostidagi Donetsk 2014 yildan buyon eng kuchli darajada o‘qqa tutildi (rossiyalik harbiy muxbir Andrey Rudenkoning aytishicha, shaharga bir vaqtning o‘zida 40 ta snaryad yog‘dirilgan). Mahalliy rasmiylar hujumda Ukraina harbiylarini ayblagan. Rossiya tomonidan tayinlangan mer hujum oqibatida besh kishi jabrlanganini ma’lum qildi.
  • Polsha Seymi Rossiyani «terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» sifatida tan oldi.
  • Xabarovskda yashovchi kishi Ukrainaga «davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar»ni sotishga urinishda ayblanib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
  • Bryanskda sud Udmurtiya aholisi vakilini Ukraina tomonida jang qilish uchun yo‘l olishda ayblab, besh yilga qamaldi.
  • Rossiya armiyasi Xersonni o‘qqa tutdi. Ikki kishi halok bo‘lgan. Shahar to‘liq elektr ta’minotidan uzilgan.
  • Dnepropetrovsk oblasti ham o‘qqa tutilishi oqibatida 65 yoshli kishi halok bo‘lgan. Mahalliy oblast kengashi fuqarolik infratuzilmalaridagi jiddiy vayrongarchiliklar haqida xabar bergan.
  • Rossiyada front hududida okop qazish va istehkomlar qurish uchun ishchilar yollash boshlandi. Avito, «VKontakte» va HeadHunter saytlarida shu mazmundagi e’lonlar joylashtirilgan.
  • Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya 200 mingga yaqin yangi askar «tayyorlayotgani» va yana Kiyevga hujum boshlashi mumkinligini aytdi.
  • Polsha politsiyasi shtab-kvartirasida Ukrainadan kelgan sovg‘a portlab ketdi. Politsiya komendanti yengil jarohat olgan. Portlash tufayli Varshava Kiyevdan izoh so‘ragan. Ukraina TIV portlash haqidagi xabar tafsilotlarini o‘rganmoqda.

Kupyansk atrofida sakkiz oy istilo ostida yashagan qishloq

Kupyansk shahri — Xarkiv oblastidagi eng yirik ikkinchi temiryo‘l tugunidir — u Rossiya-Ukraina chegarasidan 40 kilometr masofada joylashgan. RF qo‘shini shaharni 27 fevral kuni bosib olgandi va shu yerdan temiryo‘l orqali Xarkiv oblasti va Donbass shimolidagi bo‘linmalari ta’minotini yo‘lga qo‘ygandi. Sentyabrda ukrain harbiylari Kupyanskni ozod etishdi. Shahar otishmalardan jiddiy darajada shikastlangan. Luhansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gaydayning hisoblashicha, Rossiya Kupyanskka qarshi hujum boshlash uchun kuch to‘plamoqda.

Ukrain harbiylari Kupyanskdan to‘qqiz kilometr masofada joylashgan Petropavlovka qishlog‘idagi hospitaldan topilgan rossiyalik askarlarning jasadlarini qoplarga solmoqda.
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA


Kupyanskdan 14 kilometr masofadagi Kovsharovka qishlog‘i yaqinida yakson qilingan rossiyaliklar tankini ko‘zdan kechirayotgan ukrain harbiylari
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA


Petropavlovkada yashovchi keksa yoshli ayol Rossiya qo‘shinidan qolgan harbiy texnika oldidan o‘tib bormoqda
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA


RF armiyasining Kovsharovkadagi yakson etilgan harbiy texnikasi
Sofia Bobok / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Donetsk bo‘ylab o‘t ochilishi oqibatlari

15 dekabr tongida, okkupatsion hukumat versiyasiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Donetskni baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan o‘qqa tutgan. Rossiya tomonidan tayinlangan rasmiylar bu 2014 yildan buyon eng keng ko‘lamli zarbalar bo‘lganini aytishdi va hujumda Ukraina harbiylarini ayblashdi. «RBK Ukraina» mahalliy pabliklarga asoslanib yozishicha, zarbalardan Maktab bulvari, Teatr prospekti hamda Naberejnaya va Artyom ko‘chalari shikastlangan. Snaryadlar tushgan joylarda yong‘inlar boshlangan, besh kishi jabrlangan.

Donetsk markazida yonib ketgan avtomobil
Valentin Sprinchak / TASS


O‘qqa tutilgan ko‘p kvartirali uyda ishlayotgan o‘t o‘chiruvchi
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA


Donetskda otishmalar vaqtida jabrlangan ayol
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Otishmadan keyingi Xarkiv

Ukrainalik politsiyachilar Xarkivda Rossiyaning S-300 tizimi raketasi kelib tushgan joyni tekshirmoqda. 15 dekabr kuni RF armiyasi shahar g‘arbidagi Xolodnogorskiy rayoniga zarba yo‘llagandi. Xarkiv meri Igor Terexov zarbalar nishoni infratuzilma obyektlari bo‘lganini aytgan (u aynan qaysi obyektlar o‘qqa tutilganiga aniqlik kiritmagan, ammo bu hududda ikkita temiryo‘l stansiyasi, shuningdek Janubiy temiryo‘llar va Xarkiv metropoliteni boshqarmalari joylashgan). Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA

Odessada qorong‘ilikda balet darsi

Ukraina energiya tizimi RF qo‘shinlari tomonidan oktabr va noyabr oylarida yoppasiga o‘qqa tutilgani tufayli butun mamlakat bo‘ylab elektrni rejali o‘chirish ishlari davom etmoqda. Odessadagi balet maktabi rahbari Svetlana Antipova talabalariga chiroqlar yorug‘ida dars o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Foto: Gian Marco Benedetto / Anadolu Agency / Vida Press

Svetlana Antipovaning o‘quvchilaridan biri balet mashg‘ulotlari vaqtida
Gian Marco Benedetto / Anadolu Agency / Vida Press

Baxmutdagi ukrain qo‘shini

Baxmut yo‘nalishida shiddatli janglar davom etmoqda. Ukraina qo‘shini rossiyaliklarning oktabr oyi oxirida boshlangan yurishlarini to‘xtatib turibdi. RF armiyasining Baxmut atrofidagi asosiy kuchlari — «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari, shuningdek, safarbar qilinganlar bo‘lmoqda. Ukraina Milliy gvardiyasi «Svoboda» batalonidagi rota komandiri Yevgeniy Oropayning so‘zlariga ko‘ra, ular Ukraina armiyasi jangchilarini holdan toydirish uchun doimiy ravishda ukrainlarning pozitsiyalarini shturm qilmoqda. Shu bilan birga, ushbu harbiy Rossiya Baxmutni yangi yilga qadar egallashi imkonsiz ekanini qayd etgan.

Baxmutda rossiyaliklarning 14 dekabr kungi zarbalaridan keyin tutab yotgan bino oldidan o‘tayotgan tinch aholi vakillari
Chris McGrath / Getty Images


Ukrain harbiylari rossiyaliklarning Baxmut atrofidagi pozitsiyalari tomon dron uchirishmoqda
Libcos / AP / Scanpix / LETA


Baxmutdagi ko‘chada harakatlanayotgan ukrainlar zirhli transportyori (BTR)
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / Getty Images


Ukrain harbiylari «Pion» rusumli artilleriya qurilmasidan rossiyaliklarning Baxmut atrofidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda
Libcos / AP / Scanpix / LETA
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urushning 295-kuni: Donetskka snaryadlar yog‘dirilishi va Xarkivda istilo izlari (foto)