date
views 244

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbariga qarshi ikkita yangi jinoiy ish ochildi

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbariga qarshi ikkita yangi jinoiy ish ochildi

Foto: 365info.kz

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimovga qarshi ikkita yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Masimov tergov harakatlari olib borilishi uchun Milliy xavfsizlik qo‘mitasining tergov izolatoriga olib ketilgan.

K.Masimovga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 208-moddasi “Jinoyat yo‘li bilan olingan pullarni va boshqa mulkni legallashtirish” va 366-moddasi “O‘ta yirik miqdorda pora olish” nazarda tutilgan jinoyatlar yuzasidan tergovga qadar tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Karim Masimov 2022 yilning 8 yanvarida tartibsizliklardan so‘ng hibsga olingandi. Bungacha u 2016 yilning sentyabridan buyon ishlab kelayotgan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilgandi. Masimov mamlakatdagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan va sobiq prezident Nursulton Nazarboyevga yaqin hisoblangan. Turli yillarda Qozog‘iston bosh vaziri, administratsiya rahbari va Qozog‘iston prezidenti yordamchisi lavozimlarida ishlagan.

Qo‘lga olinganidan so‘ng deyarli darhol tergov sudi Masimovni ikki oyga hibsga olgan. U davlat to‘ntarishiga urinish, davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilish moddalari bilan ayblangan. Uning uch nafar sobiq o‘rinbosari ham tergovga jalb qilingan, ular ham qamoqqa olingan.

Masimovning to‘rtinchi o‘rinbosari — Nursulton Nazarboyevning jiyani general Samat Abish yanvar voqealaridan so‘ng Milliy xavfsizlik qo‘mitasidan bo‘shatilgan, biroq hibsga olinmagan.

Bosh prokuratura unga nisbatan tergovni faqat 2023 yil sentyabr oyida boshlagan. Abish mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumon qilinmoqda, u hozirda Qozog‘istonda, mamlakatni tark etishi mumkin emas.

Ayni paytda mamlakatning sobiq bosh xavfsizlik xizmati xodimiga qarshi ish “maxfiy” toifaga kiritilgan. Uning sud jarayoni o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan va butunlay yopiq eshiklar ortida o‘tgan.

24 aprel kuni Masimov 18 yilga, uning o‘rinbosari Anuar Sadiqulov 16 yilga, MXQ raisining yana bir sobiq o‘rinbosari Daulet Ergojin 15 yilga, Marat Osipov esa 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Bundan tashqari, mahkumlardan davlat daromadiga 10 milliard tengedan (21 million dollar) ortiq va 24 million dollar undirildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbariga qarshi ikkita yangi jinoiy ish ochildi