date
views 742

Tramp: «Zelenskiyning Qrim haqidagi bayonotlari mojaroni yanada keskinlashtirmoqda»

Tramp: «Zelenskiyning Qrim haqidagi bayonotlari mojaroni yanada keskinlashtirmoqda»
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Qrimni Rossiyaga qarashli hudud deb tan olishni rad etishi haqida bergan bayonotlari, mojaroni diplomatik yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni yanada qiyinlashtirmoqda. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

«The Wall Street Journal» gazetasiga ko‘ra, Zelenskiy «Ukraina Qrimni Rossiya hududi sifatida huquqiy jihatdan tan olmaydi, bu mavzuda muhokama qilish uchun hech narsa yo‘q», deya mag‘rurlik bilan gapirgan. Trampning fikricha, bu kabi keskin so‘zlar Rossiya bilan tinchlik muzokaralari jarayoniga jiddiy zarar yetkazadi. «Chunki Kiyev bu hududni AQSH sobiq prezidenti Barak Obama davridayoq qo‘ldan chiqargan va bu haqida gaplashish ham kulgili», deb yozadi Tramp.

Oq uy rahbari Zelenskiyning bunday bayonotlari vaziyatni yechim topish o‘rniga, aksincha, yanada keskinlashtirishiga ishonch bildirgan.

«Hech kim Zelenskiydan Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishini talab qilmayapti. Lekin agar unga Qrim kerak bo‘lganida, u o‘n bir yil avval Qrim bir o‘q ham otilmasdan Rossiyaga o‘tib ketganda nega qarshilik ko‘rsatmagan? Aslida, bu hududda Rossiyaning katta suv osti kemalari bazalari anchadan beri joylashgandi. Zelenskiyga o‘xshagan odamlarning provokatsion bayonotlari bu mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishni qiyinlashtirmoqda. U maqtanishi mumkin bo‘lgan hech narsa yo‘q», deya ta’kidladi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Ukraina oldida ikki yo‘l turibdi — tinchlikka kelish yoki yana uch yil jang qilib, davlat sifatida yo‘qolishgacha borish.

«Men Rossiya bilan hech qanday aloqam yo‘q. Lekin har hafta behuda qurbon bo‘layotgan o‘rtacha besh ming ukrain va rus harbiylarini qutqarishga qiziqaman», dedi AQSH prezidenti.

Trampning fikricha, Zelenskiyning Qrim haqidagi bayonotlari qonli mojaroni davom ettirishdan boshqa natija bermaydi va buni hech kim xohlamayapti.

«Biz tinchlik bitimiga juda yaqinmiz, ammo «o‘ynash uchun kerakli kartalari yo‘q» odam (Zelenskiy nazarda tutilmoqda) endi buni tushunishi lozim. Men Ukraina va Rossiyaga shu inqirozdan chiqishda yordam berish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdaman. Agar men prezident bo‘lganimda bu mojaro umuman boshlanmagan bo‘lar edi», deydi Tramp.

AQSHning tinchlik tashabbusi haqidagi taxminlar

Avvalroq, 21 aprel kuni «Washington Post» nashri AQSH Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik bitimiga erishish bo‘yicha o‘zining takliflarini Londonda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda bildirishini yozgan edi.

Jumladan, AQSH Qrimni Rossiyaga tegishli deb rasman tan olishga tayyor ekani ma’lum qilingan. Shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish taklif etilgan, lekin bunga javoban Rossiya jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatishi kerak bo‘ladi. Bu, amalda, harbiy harakatlarni muzlatish deganidir.

Bunga javoban Zelenskiy Qrim, Zaporoje atom elektr stansiyasi va NATO bilan bog‘liq har qanday gap-so‘zlarni «spekulyatsiya» deb atagan. Uning fikricha, o‘t ochishni to‘liq va shartsiz to‘xtatish Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi har qanday mazmunli muzokaralarni boshlash uchun birinchi va asosiy shartdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp: «Zelenskiyning Qrim haqidagi bayonotlari mojaroni yanada keskinlashtirmoqda»
-->