date
views 1 859

Tesla Cybertruck sohibining “qayiq” orzusi uni 100 ming dollardan judo qildi

Tesla Cybertruck sohibining “qayiq” orzusi uni 100 ming dollardan judo qildi
Tesla kompaniyasining innovatsion Cybertruck pikapi hali bozorga chiqmasdanoq ko‘pchilikning diqqat markaziga aylangandi. Bunga sabab esa Ilon Maskning «ushbu avtomobil hatto suvda ham harakatlana oladi, daryo va ko‘llardan kechib o‘tishga qodir» degan bayonotlari bo‘lgan edi. Afsuski, AQSHdagi Cybertruck sohiblaridan biri ushbu va’dalarga ishonib, o‘zining pikapini «qayiq» sifatida ishlatishga urindi va oqibatda 100 ming dollar miqdorida zarar ko‘rdi, deya xabar bermoqda mahalliy matbuot.

Kaliforniyaning Traki shahrida istiqomat qiluvchi Cybertruck egasi pikapning maxsus «kechuv rejimi»ni ishga tushirib, daryodan kechib o‘tishga uringan. Biroq tez orada elektr transporti suv ichida qolib, harakatdan to‘xtagan. Voqea joyiga yetib kelgan Kaliforniya patrul xizmati xodimlari ushbu avtomobilni suvdan chiqarishga yordam bergan. Ular haydovchiga Tesla'ning «kechuv rejimi» suv ostida to‘liq harakatlanishni kafolatlamasligini va bu holat ishlab chiqaruvchi kafolatiga ham kirmasligini tushuntirishgan.

Foto: Electrek
Hozircha ushbu voqeada Cybertruck qanchalik zararlangani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, avtomobilga yetgan zarar miqdori taxminan 100 ming dollarga baholanmoqda.

Tesla rahbari Ilon Mask avval ham bir necha bor o‘z avtomobillarining qisqa vaqt davomida suvda harakatlana olish qobiliyati haqida bayonotlar bergan. Ayniqsa, Cybertruck haqidagi taqdimotlarda Mask ushbu pikap daryo va ko‘llarni kechib o‘tish uchun yetarlicha suv o‘tkazmaslik xususiyatiga egaligini alohida qayd etgandi.

Foto: Electrek
Biroq Tesla kompaniyasi bu funksiyani faqat maxsus yo‘lsizlik sharoitlari uchun taklif etgan edi va u orqali suvda harakatlanish kafolatlanmagan. Cybertruck sohiblari bunday imkoniyatdan foydalanish uchun butun mas’uliyat o‘z zimmalarida bo‘lishini tan olishlari kerak bo‘lgan.

Bu voqea ko‘plab haydovchilar uchun muhim saboq bo‘lib, hatto eng innovatsion avtomobillar ham ishlab chiqaruvchi ko‘rsatmalari doirasida foydalanilmasa, jiddiy zarar ko‘rishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tesla Cybertruck sohibining “qayiq” orzusi uni 100 ming dollardan judo qildi
-->