date
views 308

Rossiya va Ukraina Istanbulda yana yuzma-yuz keladi: tinchlik bo‘ladimi?

Rossiya va Ukraina Istanbulda yana yuzma-yuz keladi: tinchlik bo‘ladimi?
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina bilan tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichini o‘tkazish taklifini bildirdi. Uning bayonotiga ko‘ra, muzokaralarning ikkinchi raundi kelasi dushanba, 2 iyun kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 28 may, chorshanba kuni Rossiya TIV rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Lavrov bayonotida ta’kidlanishicha, Rossiya tomoni mazkur uchrashuvda Kiyevga tinchlik shartlari aks etgan memorandumni taqdim etishga tayyor. Mazkur hujjatda bugungi inqirozni keltirib chiqargan muammolarning barchasi yechimlari aniq belgilab beriladi va tomonlarning kelgusi munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar mavjud bo‘ladi.

«Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy ushbu memorandumni Ukraina vakillariga taqdim qilib, Istanbulda o‘tadigan ikkinchi raund muzokaralar chog‘ida kerakli tushuntirishlarni berishga tayyor», – deyiladi Sergey Lavrovning bayonotida. Shu bilan birga, Rossiya tashqi ishlar vaziri muzokaralar uchun qulay va samarali maydon taqdim etgani uchun Turkiyaga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 16 may kuni Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina o‘rtasida so‘nggi uch yil ichidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Rossiya delegatsiyasini prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshqargan bo‘lsa, Ukraina vakillariga mamlakat mudofaa vaziri Rustem Umerov yetakchilik qilgan edi. Uchrashuv ikki soatdan ko‘proq davom etdi va tomonlar bir qator muhim kelishuvlarga erishishga muvaffaq bo‘lishdi.

Xususan, o‘sha muzokarada ikki davlat harbiy asirlarni «1000 ga 1000» formulasi asosida almashish bo‘yicha kelishib olishdi. Shuningdek, jang harakatlarini to‘xtatish bo‘yicha dastlabki rejalar muhokama qilindi va yangi uchrashuvlar o‘tkazish haqida prinsipial kelishuvga erishildi.

Ushbu kelishuvlar natijasida, 23–25 may kunlari ikki davlat o‘rtasida keng ko‘lamli asir almashinuvi amalga oshirildi. Birinchi kunda tomonlar 270 nafar harbiy xizmatchi va 120 nafar tinch fuqaroni o‘zaro almashishdi. Ikkinchi kunda 307 nafar, uchinchi kunda esa 303 nafar harbiy xizmatchi o‘zaro topshirildi. Bu almashinuv 2022 yildagi harbiy harakatlar boshlanganidan beri eng keng qamrovli va yirik voqelik bo‘ldi.

Ekspertlarga ko‘ra, 2 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuv mintaqada tinchlik o‘rnatish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, bu muzokaralar tinchlikka olib keladimi yoki yana bir diplomatik tortishuv bilan yakunlanadimi? Bu savolning javobini butun dunyo jamoatchiligi qiziqish bilan kutmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya va Ukraina Istanbulda yana yuzma-yuz keladi: tinchlik bo‘ladimi?