
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning so‘nggi bayonoti mintaqadagi xalqaro munosabatlar jarayonida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. U Isroil rahbariyatining Eron shifoxonaga hujum qilgani borasidagi tanqidlariga qattiq va ochiq javob qaytardi.
Istanbulda bo‘lib o‘tgan anjumanda so‘zga chiqqan Erdo‘g‘on, G‘azo sektorida Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan vaxshiyliklarni yodga soldi. Uning ta’kidlashicha, aynan Isroil G‘azodagi shifoxonalarga 700 dan ortiq hujum qilgan. “Birgina G‘azo sektoridagi tibbiy muassasalarga qarshi bunday ko‘lamdagi hujumlar zamonamizdagi eng sharmandali va qonli hodisalardan biridir”, — deya alohida urg‘u berdi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, G‘azoni “dunyoning eng katta ochiq havodagi qamoqxonasi”ga aylantirgan davlatning inson huquqlari haqida so‘z yuritishi “nafaqat ikkiyuzlamachilik, balki betamizlik va yuzsizlik”ning eng yorqin ko‘rinishidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat 13 iyun kuni yana keskinlashdi. Bu kuni Isroil tomoni keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarni boshladi. Javob tariqasida Eron tomoni ham bir nechta raketa uchirgani ma’lum qilindi. Ulardan biri, Isroil rasmiylariga ko‘ra, Beer-Sheva shahridagi “Soroka” shifoxonasiga urilgan va natijada 80 dan ortiq kishi jarohat olgan.
Isroilning yuqori martabali rahbarlari — bosh vazir Binyamin Netanyahu va sport vaziri Miki Zoar Eronning ushbu harakatini keskin tanqid qilib chiqishdi. Netanyahu Tehronga “buyuk javob” bo‘lishini va’da berdi, Zoar esa “faqat eng qabih insonlar shifoxonaga hujum qiladi” deya so‘z qildi.
Ammo Eron bu ayblovlarni rad etdi. Fors rasmiylarining ta’kidlashicha, raketa shifoxonani nishonlagan emas, u zarba to‘lqini ta’sirida ziyon ko‘rgan. Shuningdek, ular “Soroka” shifoxonasi harbiy maqsadlarda ishlatilgani va u yerda Isroil harbiylari davolanayotgani haqida ma’lumotlar keltirishgan.
Ushbu voqea xalqaro media va tahlilchilar tomonidan “ikkiyuzlamachilik” deb baholandi. Isroilning nufuzli nashri “Haaretz” tahlilchisi Yoav Groveys shunday yozadi: “G‘azoda shifoxonalar o‘qqa tutiladigan bo‘lsa, oqlashga harakat qilamiz. Ammo o‘z shifoxonamizga hujum bo‘lsa, o‘yin qoidalari buzildi deb baqiramiz”.
BMT, JSST va Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi shifoxonalarning daxlsizligi haqida rasmiy bayonotlar bilan chiqdi. “Har qanday sharoitda ham tibbiy muassasalarga hujum qilish mumkin emas” — deyiladi rasmiy bildiruvda.
Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on esa G‘azo hududidagi vaziyatni “insoniyat uchun sharmandali sahifa” deb atadi. Uning fikricha, G‘arb mamlakatlari, ayniqsa, AQSH va Yevropa Ittifoqi bu vaziyatda sukut saqlayotgani bilan o‘zlarining haqiqiy chehrasini ko‘rsatmoqda.
Harvard universiteti tadqiqotchilari e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Isroil armiyasi tomonidan 2023 yil 7 oktyabrdan keyin G‘azodagi 36 ta shifoxonaga havodan zarba berilgan. Ulardan eng fojealisi — “Al-Ahliy” shifoxonasidagi hodisa bo‘lib, u yerda 800 dan ortiq fuqaro halok bo‘lgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti direktori Tedros Gebreyesus shunday dedi: “G‘azodagi bomba zarbalaridan ko‘ra ko‘proq odamlar kasalliklar sababli vafot etmoqda. Chunki shifoxonalar yo‘q qilingan, dori-darmon yo‘q, tibbiy xizmatlar falokat holatida”.
Urushning inson hayotiga ta’siri va harbiy harakatlarda shifoxonalarni nishonga olish kabi amaliyotlar xalqaro huquqqa zid hisoblanadi. Ammo bugungi kunda G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar bu huquqlar qanchalik himoyasiz ekanini namoyon qilmoqda.
Turkiya esa, o‘z navbatida, mintaqa tinchligi va adolat tiklanishi uchun diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishini ma’lum qildi. Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat bir davlat yoki bir xalqning emas, butun insoniyatning sha’ni masalasidir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar