date

Jeneva Zelenskiy va Putin muzokaralari uchun asosiy maydonga aylanishi mumkin

Jeneva Zelenskiy va Putin muzokaralari uchun asosiy maydonga aylanishi mumkin

Germaniya kansleri Fridrix Mersning ta’kidlashicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi ehtimoliy to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tishi mumkin.

2 sentyabr, seshanba kuni Berlinda Shveysariya prezidenti Karin Keller-Zutter bilan birgalikda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Mers bu borada o‘z fikrlarini ochiq bildirdi. Unga ko‘ra, Jeneva o‘t ochishni to‘xtatish hamda tinchlik kelishuviga erishish uchun eng munosib maydon hisoblanadi.

Germaniya hukumati rahbari shuningdek, 4 sentyabr kuni Parijda gibrid formatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Ukraina bo‘yicha «ko‘ngillilar koalitsiyasi» yig‘ilishi davomida ana shu taklifni yanada ochiq shaklda bildirishini ma’lum qildi. Undan oldinroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv Jenevada bo‘lishi tarafdori ekanini eslatib o‘tgandi.

Shveysariya prezidenti Karin Keller-Zutter esa o‘z nutqida hukumati Jeneva shahrida bunday uchrashuvni tashkil etishga har tomonlama tayyorligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, xalqaro tashkilotlarning ko‘plab markaziy idoralari aynan shu yerda joylashgani uchun Jeneva tinchlik muzokaralari uchun «ideal nuqta» hisoblanadi.

«Eng muhimi — taraflar bir-birini eshitishga va kamida oldinga qadam qo‘yishga tayyor bo‘lishlari. Urushni to‘xtatish uchun ularning bevosita muloqotga kirishishi zarur. Ammo, albatta, buning amalga oshishi barcha tomonlarning muzokara stoliga o‘tirishga roziligiga bog‘liq bo‘ladi», — dedi Shveysariya rahbari o‘z chiqishida.

Jenevada bunday yuqori darajadagi sammitning tashkil etilishi Ukraina–Rossiya urushini to‘xtatish yo‘lida yangi sahifa ochishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jeneva Zelenskiy va Putin muzokaralari uchun asosiy maydonga aylanishi mumkin