Filippinda parom halokati 15 kishining umriga zomin bo'ldi

Filippinning janubida yo'lovchi tashuvchi Trisha Kerstin 3 paromi cho'kib ketishi oqibatida kamida 15 kishi halok bo'ldi. Yana 43 nafar yo'lovchi bedarak yo'qolganlar ro'yxatida. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Xinhua xabariga ko'ra, hodisa 26-yanvar, dushanba kuni Baluk oroli yaqinida, Basilan provinsiyasida mahalliy vaqt bilan soat 01:50 atrofida sodir bo'lgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 317 kishi qutqarib qolingan. Hozircha omon qolganlarni izlash davom etmoqda.
Sohil qo'riqlash xizmati vakillari dastlabki taxminlarga ko'ra, parom texnik nosozliklar sabab falokatga uchragan bo'lishi mumkinligini bildirgan.
Avvalroq Tailandda Puket sohillari yaqinida sayyohlarni olib ketayotgan kater baliqchi kemasi bilan to'qnashib, cho'kib ketgani haqida xabar berilgandi. Kater bortida 55 kishi, jumladan O'zbekistonning uch nafar fuqarosi bo'lgan. Ularning ikki nafari yengil tan jarohati olgan, ahvoli barqaror deb baholangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!