Filippinda Mayon vulqoni otilib, osmonga 3 km balandlikda kul ko‘tarildi (video)

Filippinda Mayon vulqoni otilib, osmonga 3 km balandlikda kul ko‘tarildi (video)

Filippindagi eng faol vulqonlardan biri hisoblangan Mayon 30 oktyabr kuni otildi. Otilishi natijasida uning krateri ustida 3 ming metr balandlikkacha kul ustuni hosil bo‘ldi. Bu haqda NDTV nashri xabar berdi.

Filippin Vulkanologiya va seysmologiya instituti ma’lumotiga ko‘ra, otilish mahalliy vaqt bilan soat 11:53 da boshlanib, qariyb olti daqiqa davom etgan. Osmonga ko‘tarilgan quyuq kul shamol ta’sirida janubi-g‘arbiy tomonga tarqalgan. Shu sababli Albay viloyatidagi Daraga, Guinobatan, Kamalig va ularga yaqin hududlarda kul yog‘ishi kutilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, atrofdagi shahar va qishloqlarda jabrlanganlar yoki vayrongarchiliklar qayd etilmagan.

Vulqon faolligi kuchaygani sababli PHIVOLCS Mayonning xavf darajasini 0 dan 5 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha 2-bosqichdan 3-bosqichga ko‘targan. Mutaxassislar kraterdan 6 kilometr radiusdagi doimiy xavfli hudud aholisini evakuatsiya qilishni tavsiya etgan. Shuningdek, uchuvchilarga vulqon cho‘qqisiga yaqin hududda parvoz qilmaslik haqida ogohlantirish berilgan.

Mutaxassislar Mayonda magmatik otilishning yangi bosqichi boshlanganini bildirgan. Bu esa yaqin kunlar va haftalarda lava oqimlari, shuningdek, juda yuqori haroratli gaz va vulqon materiallaridan iborat piroklastik oqimlar yuzaga kelish xavfini oshiradi.

Ma’lumot uchun, balandligi 2 462 metr bo‘lgan Mayon vulqoni Filippin poytaxti Maniladan qariyb 330 kilometr janubi-sharqda joylashgan. U mamlakatdagi eng faol vulqonlardan biri bo‘lib, o‘zining deyarli mukammal konus shakli bilan ham mashhur.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar