Tramp o‘zidan keyingi vorisni o‘ylab Vens va Rubioni taroziga solmoqda

AQSHda 2028 yilgi saylovlar hali uzoqdek ko‘rinsa-da, Vashington koridorlarida “kim keyin?” degan savol ancha oldindan aylanyapti. Axios bir nechta manbalarga tayanib yozishicha, Donald Tramp atrofidagilar bilan voris mavzusini muhokama qilyapti va asosiy tanlov ikki nom orasida — Jey Di Vens hamda Marko Rubio.
Nashr keltirgan fikrlarga ko‘ra, ayrim maslahatchilar “ideal formula” sifatida Vens prezident, Rubio esa jamoada kuchli ikkinchi raqam bo‘ladigan ssenariyni tilga olyapti. Shu bilan birga, Tramp Rubioni ham yuqori baholab, uning “diplomat” uslubini Vensning “jangchi” xarakteriga qarshi qo‘yayotgani aytilmoqda.
Axios talqinida yana bir qiziq nuqta bor: Vensda 2028 yil uchun allaqachon ishlaydigan siyosiy infratuzilma — maslahatchilar, strategiya va tashkiliy asos bor. Rubioda esa bunday tayyor “shtab” ko‘rinmaydi, lekin u Vens nomzod bo‘lsa, uni qo‘llab-quvvatlashini ochiq aytgani haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Biroq raqobatni qizitadigan jihat ham shu yerda: Vensning “kamchiligi” sifatida uning lavozimi tilga olinadi — vitse-prezident odatda tashqi siyosat yoki favqulodda qarorlar markazida davlat kotibidek tez-tez ko‘rinmaydi. Rubio esa ishi sabab media maydonida ko‘proq ko‘rinadi, Tramp esa axborot oqimiga “chanqoq” ekani aytilyapti. Qisqacha aytganda: kim ko‘proq kadrda — o‘sha ko‘proq esda.
Shu paytgachagi raqamlar ham Vens foydasiga. Nyu-Hempshir universiteti So‘rov markazi chiqargan so‘rovda (praymerizda ovoz beradigan respublikachilar orasida) Vens 53 foiz bilan peshqadam, Rubio esa 7 foiz atrofida qayd etilgan.
Yanvar oxirida esa Tramp NewsNation’ga intervyusida Respublikachilar orasida 2028 yil uchun “kuchli kadrlar” borligini aytgan va Vens, Rubio hamda Skott Besentni alohida tilga olgani ham xabar qilingan.
Xulosa shundaki: 2028 yilgi saylovga hali erta, lekin siyosatda “erta” degan so‘zning o‘zi yo‘q. Bugungi gap-so‘zlar ertaga katta shtablarga, indiniga esa real tandemlarga aylanib ketishi mumkin. Tramp esa hozircha ikki nomni ham “issiq” ushlab turibdi — biriga umid, biriga imkoniyat qoldirib.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!