Qamoqxonada mahbuslar uchun hashamatli xonalar topildi

Indoneziyada oddiy kameralardan butunlay farq qiladigan, mahbuslar uchun maxsus jihozlangan hashamatli xonalar aniqlandi. Hodisa ortidan qamoqxonaning besh nafar rahbar xodimi lavozimidan chetlatildi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea Jakarta yaqinidagi Bogor shahrida joylashgan «Cibinong» qamoqxonasida sodir bo‘lgan. Mamlakat Ombudsmani vakillari 23 sentyabr kuni o‘tkazgan kutilmagan tekshiruv davomida oddiy kameralardan alohida joylashgan 10 dan ortiq turarjoyni aniqlagan.
Tekshiruvchilar ushbu xonalarda oddiy qamoqxona sharoitiga xos bo‘lmagan qulayliklarga duch kelgan. U yerda katta yotoqlar, konditsionerlar, televizorlar, divanlar, muzlatkichlar va ovqatlanish uchun alohida joylar bo‘lgan.
Eng e’tiborli jihati, majmuada sport zali va golf simulyatori ham barpo etilayotgani ma’lum bo‘lgan. Tekshiruv paytida ayrim mahbuslar mazkur turarjoylarda bo‘lgani aniqlangan.
Indoneziya Immigratsiya va jazoni ijro etish vazirligi bosh inspektori Rudi Setiavanning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan o‘nlab mahbuslar va qamoqxona xodimlari so‘roq qilingan. Tekshiruv natijasida besh nafar rahbar, jumladan, «Cibinong» qamoqxonasi boshlig‘i ham lavozimidan chetlatilgan.
4 gektar maydonni egallagan qamoqxonada korrupsiya va boshqa og‘ir jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan mahbuslar ham saqlanadi. Hashamatli xonalardan aynan qaysi mahbuslar foydalangani hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
Tekshiruvchilarning aytishicha, mazkur binolar dastlab qamoqxona xodimlari uchun xizmat uy-joyi sifatida qurilgan. Endi ularning mahbuslar uchun ruxsatsiz turarjoyga aylantirilgani va bunday imtiyozlar evaziga pul berilgan-berilmagani o‘rganilmoqda.






























Izohlar 0
…