AQSHda ayiq kutubxonaga kirib, asal va yeguliklarni paqqos tushirdi (video)

AQSHning Kaliforniya shtatida qora ayiq kutubxonaga kirib, xodimlarning yeguliklarini yeb ketdi. Kutilmagan mehmon binoda aylanib yurgach, o‘z xohishi bilan tashqariga chiqib ketgan.
«The Guardian» nashrining yozishicha, voqea 14 oktyabr kuni Mono okrugi bepul kutubxonalar tarmog‘ining Mammot-Leyks filialida sodir bo‘lgan. Ayiq mahalliy vaqt bilan ertalab soat 06:10 atrofida, kutubxona ochilishidan qariyb to‘rt soat oldin ichkariga kirgan.
U dastlab xodimlar uchun saqlangan yeguliklarga yopirilgan. Ayiq yeryong‘oq moyi, shaftolili desertlar, pechene va bir banka asalni yeb qo‘ygan. Qornini to‘ydirgach, kutubxonaning yangi nashrlar bo‘limi va ma’lumotlar stoli atrofini aylanib, so‘ng tashqariga chiqib ketgan. Hodisa kuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.
Qizig‘i, voqea bolalar orasida mashhur bo‘lgan Vinni-Pux haqidagi kitob ilk bor nashr etilganining 100 yilligiga to‘g‘ri kelgan. Kutubxona vakillari hazil tariqasida ayiqni yangi «kutubxonachi» deb atab, u Vinni-Pux haqidagi kitobni qidirgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashgan.
Shu bilan birga, mutasaddilar aholiga yovvoyi ayiqlarga yaqinlashmaslik va ularni ovqatlantirmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, chiqindilarni ayiq ocha olmaydigan maxsus idishlarda saqlash, avtomobillarning eshik va oynalarini yopiq tutish zarurligi eslatildi.






























Izohlar 0
…