G‘ozlar nega osmonda V shaklida uchadi? Buning ortida qanday sir bor?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- G'ozlarning osmonda V shaklida uchishi ularga uzoq masofalarni kamroq energiya sarflagan holda bosib o'tish imkonini beruvchi tabiiy mexanizmdir.
- Oldinda uchayotgan qush hosil qilgan havo girdoblari ortdagi g'ozlarga havoda osonroq muvozanat saqlashga yordam beradi.
- To'dadagi qushlar yetakchilik vazifasini navbat bilan bajarib, mas'uliyatni o'zaro bo'lishadi va qanot qoqish harakatlarini bir-biriga moslashtiradi.
Osmonda bir saf bo‘lib, V shaklida uchib ketayotgan g‘ozlarni ko‘rganmisiz? Bu manzara shunchaki chiroyli ko‘rinish emas. Uning ortida qushlarning uzoq masofalarni kamroq kuch sarflab bosib o‘tishiga yordam beradigan ajoyib tabiiy mexanizm bor.
Gap shundaki, g‘oz qanot qoqqanda uning qanot uchlari atrofida havo girdoblari hosil bo‘ladi. Bu girdoblar qushning orqa-yon tomonida yuqoriga yo‘nalgan havo oqimini yuzaga keltiradi. Orqadagi g‘oz esa aynan shu oqimdan foydalanib, havoda o‘zini tutib turish uchun kamroq kuch sarflaydi. Natijada to‘dadagi qushlar yakka uchishga nisbatan energiyani tejashi mumkin.
Biroq buning uchun ular to‘g‘ri joylashishi kerak. Agar qush oldindagi g‘ozning orqasidagi noqulay havo oqimiga tushib qolsa, aksincha, ko‘proq kuch sarflaydi. Shuning uchun ular bir-biridan ma’lum masofada va yon tomonga siljigan holda V shaklini hosil qiladi.
Yetakchilik ham navbat bilan amalga oshiriladi
To‘daning eng oldida uchish oson emas. Chunki yetakchi g‘oz orqadagilar foydalanayotgan qulay havo oqimidan bahramand bo‘lmaydi va ko‘proq kuch sarflaydi. Shu bois ayrim qushlar navbat bilan oldinga chiqib, boshqalariga yetakchilikni topshiradi.
Ilmiy kuzatuvlarda qushlarning nafaqat joylashuvini, balki qanot qoqish harakatlarini ham bir-biriga moslashtirishi aniqlangan. Bu ularga havo oqimidan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.
G‘ozlardan odamlar ham o‘rnak olsa arziydi
Tabiatdagi bu jarayon insonlar hayoti uchun ham chiroyli saboq bo‘la oladi. Oilada, jamiyatda yoki jamoada hamma mas’uliyatni bir kishining zimmasiga yuklash to‘g‘ri emas. Ba’zan bir inson oldinga chiqib yo‘l ochadi, boshqalar esa unga ko‘mak beradi. Vaqti kelganda esa yetakchilikni boshqasi qo‘lga oladi.
G‘ozlar go‘yo bir haqiqatni eslatadi: uzoq yo‘lni bosib o‘tish uchun faqat kuchli bo‘lish emas, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va mas’uliyatni bo‘lishish ham muhim.






























Izohlar 0
…