00:11 / 25.03.2022
2 737

Urushning 29-kuni yakunlari: Zelenskiy yordam so‘radi, G‘arb yordam va’da qildi

Urushning 29-kuni yakunlari: Zelenskiy yordam so‘radi, G‘arb yordam va’da qildi
Payshanba kuni Rossiya Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganiga bir oy to‘ldi. Bu vaqt mobaynida rossiyaliklar armiyasi qo‘shni mamlakatdagi biror yirik shaharni egallay olmadi. Egallab olingan kam sonli shaharlardan biri - Berdyanskda - Ukraina harbiy-dengiz kuchlari Rossiyaning yirik desant korablini cho‘ktirganini ma’lum qildi.

Ekspertlarning baholariga ko‘ra, Ukraina armiyasi hozircha muhim yo‘nalishlarda mudofaa chizig‘ini saqlab turish uchun, ayrim joylarda esa qarshi hujumlarga o‘tish uchun ham yetarli kuchga ega.

Xususan, Amerika razvedka xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev ostoniasida ukrain armiyasi Rossiya qo‘shinini shahar markazidan 55 km masofaga chekintirgan va ularni qurshovga olishga harakat qilmoqda.

Harbiy harakatlar davom etmoqda. Payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi yana Kiyev, Xarkov, Chernigov va Mariupolni o‘qqa tutdi.

Ukraina vitse-premeri, vaqtincha bosib olingan hududlar reinteratsiyasi vaziri Irina Vereshchukning ma’lumotiga ko‘ra, payshanba kuni yettita gumanitar yo‘lakda, jumladan Mariupolda Zaporojega tinch aholini evakuatsiya qilish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgandi.

Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya samolyotlari 250 ta (bir kun oldingidan 60taga ko‘p) jangovar parvozlarni amalga oshirib, harbiy ob’ektlar va fuqarolik infratuzilmalariga zarba bergan. Ukraina bosh shtabida qayd etilishicha, bu urush boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich.

BBC urushning navbatdagi kunida ro‘y bergan ma’lumotlarni keltirdi.

Mariupolning bugungi ko‘rinishi. Foto: SOPA IMAGES
Frontdagi so‘nggi voqealar
Payshanba tongida Ukraina harbiy-dengiz floti Berdyansk portida rossiyaliklarning desant korabli portlatib yuborilgani haqida ma’lumot berdi.

«Rossiya tomonidan egallangan Berdyansk portida Qora dengiz flotining «Orsk» nomli desant kemasi yo‘q qilindi», deyilgan vazirlikning feysbukdagi sahifasida.

Ijtimoiy tarmoqlarda quyuq qora tutun ichida qolgan harbiy kema aks etgan surat va videolar tarqaldi.

Payshanbaga o‘tar kechasi Ukraina tomoni Rossiya Ukraina chegaralariga qo‘shimcha bo‘linmalar olib kelayotgani to‘g‘risida ma’lum qilgan. Xususan, Belarus bilan chegaradagi Gomel oblastida faollik kuzatilgan, Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, bu yerga Sharqiy harbiy okrug qismlari va havo-desant qo‘shinlari tashlanmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan harakatlar natijasida Rossiya armiyasi katta yo‘qotishlarga uchragani ta’kidlangan.

«Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Sharqiy harbiy okrugning 20-armiyasi 144-motoo‘qchilar diviziyasini tiklash uchun Smolensk oblasti harbiy komissariyatlari shartnomalar tuzish bo‘yicha harakatlarni faollashtirgan. Bo‘linmalarga Suriyadagi harbiy komandirovkadan qaytganlarni ham jalb etish ishlari olib borilmoqda», deyiladi Ukraina bosh shtabi ma’lumotida.

Rossiya tomonining yo‘qotishlari bo‘yicha aniq ma’lumotlar yo‘q. RF mudofaa vazirligi o‘z yo‘qotishlari to‘g‘risida faqat bir marta, 2 mart kuni ma’lumot bergan va 498 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini tasdiqlagandi.

Ammo, Ukraina qo‘mondonligi va NATO ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtgacha rossiyaliklarning yo‘qotishlari 9 mingdan 15 minggacha, yaralanib safdan chiqqanlar hisobiga esa bu miqdor 30-40 ming kishini tashkil etishi mumkin.

Rossiya mudofaa vazirligining so‘nggi bayonotida payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Xarkov oblastidagi rayon markazi bo‘lgan Izyumni to‘liq nazoratga olgani haqida xabar qilindi.

Izyum aholisi 50 ming kishiga yaqin, ammo shahar muhim temiryo‘l tugunida joylashgan. Izyum rasmiylari esa shahar uchun janglar davom etayotganini ma’lum qilgan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida ilk harbiy asirlar almashinuvi
Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchukning so‘zlariga ko‘ra, payshanba kuni Moskva va Kiyev o‘rtasida ilk bor rasmiy asirlar almashinuvi amalga oshirildi - asirlikdagi 10 nafar rossiyalik harbiy o‘n nafar ukrainalikka almashtirildi.

Bundan tashqari, harbiy bo‘lmagan asirlar almashinuvi ham amalga oshirilgan - Rossiyadan bo‘lgan 11 nafar dengizchi (ular Odessada qo‘lga olingan) 19 nafar ukrain dengizchilariga almashtirilgan. Ukrainalik dengizchilar Zmeiniy orolidagi harbiy personalni evakuatsiya qilish uchun borganida qo‘lga tushgani ma’lum.

Rossiya ombudsmeni Tatyana Moskalkova ham asirlar almashinuvi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

Favqulodda sammitlar

Zelenskiy NATO sammiti ishtirokchilariga murojaat qilmoqda. Foto: EPA
Payshanba kuni Bryusselda yirik xalqaro ittifoqlar - G7, NATO va Yevropa ittifoqi yetakchilari ishtirokida sammitlar boshlandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO vakillariga videoaloqa orqali murojaat qildi. U yana bir bor alyansni siyosiy iroda ko‘rsatishga va Kiyevning Ukraina osmonini yopish borasidagi so‘roviga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Zelenskiy Rossiya Ukrainada to‘xtashni o‘ylamayotgani va NATOning Yevropa sharqidagi a’zolari - Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshaga ham hujum qilishni ko‘zlayotgani haqida ogohlantirdi. «Nahotki o‘shanda ham NATO Rossiya alyansning tashqi aralashuviga qanday munosabatda bo‘lishidan xavotirlanib o‘tirsa?» deya savol qo‘ydi Zelenskiy.

U shuningdek, Ukraina armiyasi nimalarga qodirligini namoyish etganini aytib o‘tgan. «Bundan keyin, iltimos, hech qachon, hech qachon bizga bizning armiya NATO standartlariga javob bermasligi haqida gapirmang. Biz o‘z standartlarimiz nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ydik. Va biz Yevropa va dunyodagi umumiy xavfsizlik uchun yana ko‘p ish qila olishimiz mumki», dedi u.

Zelenskiy Ukraina NATOga kirishni istayotgani haqida hech narsa demagan. Avvalroq u bu deyarli imkonsiz ekani, bundan tashqari, Ukraina bloklardan xoli bo‘lishi - Rossiya talablaridan biri ekanini qayd etgandi.

Shu bilan birga, u «Katta yettilik» uchrashuvida ham onlayn ishtirok etib, Rossiya bilan savdoga to‘liq embargo qo‘yish, RFni urushda GPS’dan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilish, Rossiya banklari va Markaziy bankni global moliya tizimidan ihotalash va G7 Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining yangi tizimini yaratishda ishtirok etishi kerakligi haqida gapirdi.

«Biz urushdan keyin birgalikda davlatimizni tiklaymiz — shaharlarni qayta quramiz, iqtisodiy hayotni tiklaymiz va odamlarni qaytaramiz», dedi Ukraina rahbari.

NATO favqulodda sammit yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotni e’lon qildi.

AQSH prezidenti Jo Bayden Yevropaga Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi bilan keldi. Foto: AFP
Alyans Rossiya Ukraina bilan muzokaralarga «jiddiy munosabat»da bo‘lishi va zudlik bilan sulh tuzishi kerakligi qayd etilgan. «Muzokaralar vaqtida Rossiya tajovuzi davom ettirilishi qoralanadi», — deyilgan bayonotda.

NATO Ukrainaning harbiy qudratini mustahkamlab, ushbu mamlakatning himoyalanishga bo‘lgan huquqini amalga oshirishga yordam ko‘rsatishda davom etishni va’da qildi. Alyans Ukrainaga kiberxavfsizlik sohasida ham yordam ko‘rsatadi, shuningdek, kimyoviy, biologik va yadroviy tahdidlardan himoyalanish uchun kerakli vositalarni yetkazib beradi.

Alyans Bolgariya, Ruminiya, Vengriya va Slovakii hududida to‘rtta yangi xalqaro guruhlar tashkil etilishini e’lon qildi — qo‘shimchasiga alyansning sharqiy chegaralariga 40 ming harbiy xizmatchi joylashtiriladi.

Shuningdek, Pekindan Rossiyani har qanday qo‘llab-quvvatlashdan tiyilish va Rossiyani urushni tinch yo‘l bilan to‘xtatishga undash uchun o‘z ta’siridan foydalanish so‘raladi.

Ittifoqchilar Rossiya tashqi aralashuvi xavfi mavjud bo‘lgan boshqa hamkor davlatlar, jumladan Gruziya hamda Bosniya va Gersegovinani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida ham kelishib olgan.

AQSH prezidenti Jo Bayden NATO Ukrainaga harbiy yordam hajmini oshirib, bu davlatga qo‘shimcha qurollar, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishini ma’lum qildi.

U NATO harbiylarini Ukrainaga jo‘natmasligi, ammo sharqiy flangda doimiy asosda joylashuvchi kontingentlarini ko‘paytirishi, shuningdek havo hujumidan mudofaa va raketalarga qarshi mudofaa tizimarini kuchaytirishini ta’kidladi.

Hozirgacha Britaniya Ukrainaga yana 6000 ta tankka qarshi raketalar, Shvetsiya - 5000, Germaniya esa - 2000 ta tankka qarshi granatomyotlar yetkazib berishi ma’lum.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar
Payshanba kuni Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi. Bu safar Alfa-bank, Gazprombank, Rosselxozbank aktivlari muzlatildi. Bundan tashqari, ALROSA, RJD va boshqalar ham sanksiyalarga duchor bo‘ldi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga jismoniy shaxslardan Sberbank rahbari German Gref, «Tinkoff-bank» asoschisi Oleg Tinkov, Roman Abramovichning eski hamkori - Millhouse’ning sobiq rahbari Yevgeniy Shvidler va yana boshqa ko‘plar kiritilgan (jami - 33 kishi).

AQSH esa Rossiya davlat dumasi deputatlari va mudofaa korxonalariga sanksiyalar e’lon qildi. AQSH moliya vazirligi Rossiya Markaziy banki bilan oltin orqali operatsiyalar amalga oshirishni taqiqlagan.

Shu bilan birga ko‘p vaqtdan buyon ilk bor Moskva birjasida savdolar tiklandi.

Savdo ochilishidan bir necha soat o‘tgach, Mosbirjada indeksi deyarli 9,5 foizga o‘sdi. Bu fonda rubl yevro va dollarga nisbatan birmuncha mustahkamlandi.

Vashington har qanday ssenariyga tayyor

G‘arbdagi mutaxassislar sovetlar ittifoqi biologik qurollar ishlab chiqargani va bu ishlanmagan Rossiyaga meros bo‘lib qolganini eslatmoqda
New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainadagi urushning ilk kunidayoq Oq uy «Yo‘lbarslar jamoasi» nomli maxsus guruh tuzgan, guruh a’zolari Moskvaning kelgusidagi ehtimoliy xatti-harakatlariga javob qadamlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

AQSH Rossiya ommaviy qirg‘in qurollarini (kimyoviy, biologik yoki yadroviy) qo‘llashgacha borishi mumkinligini istisno etmagan.

Mutaxassislar guruhi haftada uch bor yig‘iladi. Ular Rossiya boshqa davlatlar, jumladan Moldova va Gruziyaga hujum qilgan taqdirda, qanday yo‘l tutish variantlarini ham ko‘rib chiqishgan.

Avvalroq NATO rahbari Yens Stoltenberg Rossiya yadroviy ritorikasini bas qilishi kerakligi va yadroviy urushda g‘olib bo‘lolmasligini tushunishi kerakligini aytib ogohlantirgandi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urushning 29-kuni yakunlari: Zelenskiy yordam so‘radi, G‘arb yordam va’da qildi