14:54 / 21.02.2025
369

Advokat: Mubashshir Ahmad oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblanmagan

Advokat: Mubashshir Ahmad oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblanmagan
Mubashshir Ahmad
Taniqli diniy ulamo, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov oʻta ogʻir jinoyatda ayblanayotgani haqidagi IIV tasdiqlagan ma'lumot advokatlar tomonidan rad etildi.

19 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Mubashshir Ahmad qidiruvga berilgani haqida xabar tarqalgan edi. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov bu ma'lumotni tasdiqlab, u Jinoyat kodeksining 244–2-moddasi birinchi qismi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan ayblanayotganini ma'lum qilgandi.

Gʻiyosov qidiruv qachon e'lon qilinganini tergov siri deb atagan, yuqorida aytilganidan boshqa ayblovlar bor-yoʻqligiga aniqlik kiritmagandi.

Bugun, 21 fevral kuni Alisher Tursunovning advokatlari Kun.uz bilan bogʻlanib, himoyasi ostidagi shaxs oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgani haqidagi xabar asossiz ekanini ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, A.Tursunov 2023 yil avgust oyida Jinoyat kodeksining 244–3-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan, darajasiga koʻra ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat – “diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish (shunday qilmishlar uchun ma'muriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa) harakatida ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan.

Advokatlar IIV matbuot kotibiga asoslanib tarqatilgan xabarlarda A.Tursunovning JKning 244–2-moddasi bilan ayblangani va qidiruv e'lon qilingani haqida ma'lumot notoʻgʻriligini bildirdi.

“Advokatlik soʻroviga javoban Toshkent shahar IIBB Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan 2024 yilning 4 iyun kuni berilgan xatda Alisher Tursunov aslida 244-3 -modda bilan ayblanayotgani, mazkur jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan harakatdan toʻxtatilgani ma'lum qilingan”, — deyiladi bayonotda.

Bu erda fuqaro aslida ayblanayotgan 244–3-modda va xabarlarda tarqalgan 244–2-modda orasida katta farq bor.

«JKning 244–2-moddasi hamda 244–3-moddasi bir biridan mohiyatan, oʻz xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga koʻra farq qiladi, bu moddalarning ob'ekti boshqa-boshqa, ya'ni JKning 244³-moddasida nazarda tutilgan jinoyat (JKning 15-moddasiga koʻra)ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat hisoblansa, ikkinchisi (JKning 244²-moddasi) oʻta ogʻir jinoyat sifatida baholanadi va aynan shu holat ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning haqli savollarini keltirib chiqarmoqda.

Hozirda ixtiyorimizdagi rasmiy hujjatlarning nushalarida qayd qilinishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Alisher Tursunovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244–3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Jinoyat ishini qoʻzgʻatilishiga sabab boʻlgan «diniy mazmundagi materiallar» deb topilgan materiallarni tarqatganligi uchun 02.11.2022 yilda jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan A.Tursunov MJtKning 184–2-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilgan”.

Shuningdek, A.Tursunovni ma'muriy javobgarlikka tortish uchun u tomonidan tarqatilgan materiallarning mohiyatan qonunga xilofligi emas, balki diniy materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish tartibiga rioya qilinmaganligi asos boʻlgan. Ma'muriy ishdan soʻng, IIV xodimlari aynan shu materiallar Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi «Mubashshir Ahmad» nomli kanalida mavjudligi asos sifatida talqin qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

Ma'lum boʻlishicha, 2023 yil noyabr oyida Alisher Tursunovga nisbatan Toshkent shaxar Shayxontoxur tuman prokurorining sirtdan "kamokka olish tarzidagi" extiyot chorasi koʻllash haqidagi iltimosnomasi ham JIB Shayxontoxur tuman sudi tomonidan rad qilingan.

«A.Tursunov oʻsha vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlmaganligi uchun unga nisbatan 24.08.2023 yilda JKning 244-3-moddasi bilan sirtdan ayb e'lon qilinib, qidiruvga berilgan va ushlangan taqdirda (qayerda ushlanishidan qat'iy nazar) «munosib xulq atvorda boʻlish haqidagi tilxat» ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

«Yuqoridagilardan koʻrinadiki, fuqaro Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad)ga nisbatan aslida ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni sodir etganlik boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan boʻlsada, ijtimoiy tarmoqlarning axborot kanallarida uning oʻta ogʻir jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotganligi haqida haqiqatga zid boʻlgan ma'lumotlar tarqatilib, «informatsion spekulyatsiya»ga sharoit yaratilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28–moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilangan. Konstitutsiyaning normalarini har qanday sabablarga koʻra ijro qilmaslik qonunbuzilish hisoblanadi», — deyiladi Alisher Tursunovning himoyachisi Kun.uz'ga taqdim qilgan raddiyada.

Shuningdek, advokatlar ulamoning sahifalarida kontentlar, axborotlar bilan tanishish «jinoyat» ekanligi haqidagi «chaqiriq»lar qonuniy asoslarga tayanilmaganini bildirdi. Bundan tashqari, himoya fikriga koʻra, fuqaro A.Tursunovning aynan bir xatti-harakatlari uchun ikki marta (ham ma'muriy, ham jinoiy) javobgarlikka tortilishi asossiz hisoblanib, bu haqida vakolatli organlarga shikoyat arizalari kiritilgan.

Avvalroq, ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov diniy ulamo Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 244–2-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat – «diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish» harakatini sodir etishda ayblanib, qidiruvga berilganini tasdiqlagan edi.

Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qiladi. U 2023 yil oxirida Turkiya politsiyasi tomonidan oʻzi yashab turgan uyidan olib ketilgan va ushlab turilgan. Keyinroq diniy ulamoga qoʻyilgan ayblovlar isbotini topmagan va qoʻyib yuborilgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat