Denovda 22 nafar bolaga noqonuniy diniy saboq berilgani aniqlandi

Denovda 22 nafar bolaga noqonuniy diniy saboq berilgani aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ruxsatsiz diniy ta’lim berish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan fuqaro maxsus diniy ma’lumot hamda tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan o‘z uyida voyaga yetmagan bolalarga diniy saboq berib kelgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u joriy yilning iyun oyidan boshlab 2011–2019 yillarda tug‘ilgan 22 nafar bolani qabul qilib, ularga ta’lim bergan. Denov va Oltinsoy tumanlaridan kelgan bolalar sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan sharoitda yashagan va ularning ota-onalaridan har oy 500 ming so‘mdan 100 AQSH dollarigacha mablag‘ undirilgan.

Bir guruh bolalar xonada stol atrofida kitob o‘qib o‘tiribdi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlangan. 1971 yilda tug‘ilgan ayol o‘z xonadonida Bag‘dod va Yozyovon tumanlaridan kelgan 2011–2017 yillarda tug‘ilgan 5 nafar bolaga hech qanday rasmiy ruxsatnomasiz diniy ta’lim berib kelgani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv jarayonida o‘quv mashg‘ulotlarida foydalanilgan adabiyotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-2-moddasi 2-qismi (diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlarini qo‘zg‘atib, tergov harakatlarini boshladi.

Bundan tashqari, bolalarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga muvofiq choralar ko‘rildi. Ular bilan farzandlarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlar yuzasidan profilaktik suhbatlar ham o‘tkazildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar