22:40 / 24.02.2025
110

Qobil Dusov qancha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi?

Qobil Dusov qancha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi?
Foto: Oliy sud
Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Arnasoy tuman sudida K. Dusovga (1984 yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan) oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e'lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Arnasoy tuman sudining raisi Sh. Eshimov raisligida birinchi instantsiyada koʻrib chiqildi.

Sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchilar va guvohlarning koʻrsatmalari, sudga oid lingvistik ekspertiza xulosasi, yozuvlar skrinshoti hamda jinoyat ishi boʻyicha barcha toʻplangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan toʻliq isbotlangan deb hisobladi.

Sud hukmiga muvofiq K. Dusov Jinoyat kodeksning 139-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlari va 140-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan fuqaro M. Eshimqulovga, Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlari bilan fuqarolar O. Kamolova va Sh. Hasanovaga oid ayblov epizodlari boʻyicha ifodalangan jinoiy hodisa yuz bermagani sababli aybsiz deb topilib, Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan oqlandi.

K. Dusov 4 nafar jabrlanuvchiga (Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tizimi mas'ullari N. Yalgasheva, O. Kamolova, Sh. Hasanova va S. Suyarova) Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” bandi va 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi, 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi tartibida uzil-kesil oʻtash uchun 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilandi.

Mazkur jinoyat ishi boʻyicha manfaatdor taraflarga etkazilgan moddiy va ma'naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.

Birinchi instantsiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hay'atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma'lum qilinadi.

Ma'lumot uchun:

Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan K. Dusov Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan mahkum K. Dusovga nisbatan tayinlangan va oʻtalmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilangan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat