«Muhandis hech qachon «hammasini bilaman» demasligi kerak». Gaz-kimyo muhandisi Fozil Abduraxmonov bilan suhbat

Jamiyat5 daqiqa o'qish2
«Muhandis hech qachon «hammasini bilaman» demasligi kerak». Gaz-kimyo muhandisi Fozil Abduraxmonov bilan suhbat
Fozil Abduraxmonov

Xo‘sh, avvalo yer qa’ridan chiqqan tabiiy gazdan etilenni ajratib olamiz. So‘ng maxsus katalizator yordamida uni polimerga aylantiramiz. Hosil bo‘lgan oq kukunni ekstruderda eritamiz va granula qilamiz. Tayyor: uyingizdagi suv quvuri, do‘kondagi paket va oshxonadagi plastik idish uchun xomashyo bor.

Bu kimyo darsligidagi masala emas. Fozil Abduraxmonov so‘nggi o‘n yil davomida aynan shu jarayonni barqaror, xavfsiz va sifatli ushlab turish bilan shug‘ullanib keladi.

Uning hikoyasida bir jihat alohida e’tiborni tortadi: o‘n yil ichida u O‘zbekiston gaz-kimyo sanoatining uch muhim bekatidan o‘tgan. Bular – Markaziy Osiyodagi eng yirik Ustyurt majmuasi, 2001-yildan beri ishlab kelayotgan Sho‘rtan majmuasi va mintaqada MTO texnologiyasi ilk bor tatbiq etilayotgan Buxorodagi yangi majmua.

Shahrisabz maktabi

Ko‘pchilik kasbini universitetda tanlaydi. Fozilda esa ishga munosabat undan ancha oldin, Shahrisabzda, besh farzandli oilada shakllangan. Oilada kattalarga hurmat va mehnatsevarlik eng asosiy qadriyat edi.

«Bolalikdan bir narsani tushunib ulg‘ayganman: inson natijaga o‘z mehnati bilan erishadi. Qiyinchilikdan qochmaslik, boshlagan ishni oxiriga yetkazish – bularning ildizi o‘sha yillarda», – deb eslaydi u.

Maktabdan so‘ng Toshkent davlat texnika universitetining Neft va gaz fakulteti, «Neft va gaz konlarini ishga tushirish va ulardan foydalanish» yo‘nalishi. Nega aynan neft-gaz? «Bu soha murakkab texnologiya va jiddiy muhandislik bilimini talab qiladi. Men bu kasbni diplom uchun emas, yirik sanoat loyihalarida ishlash uchun tanlaganman».

Zavod – ikkinchi universitet

2014-yilda diplom olgan yosh mutaxassis 2015-yil iyunida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumaniga, Surg‘il koni yonidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga yo‘l oladi. O‘zbekiston va Koreya kompaniyalari teng ulushda qurgan, 4 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritilgan majmua o‘sha paytda endigina ishga tushirilayotgan edi: ilk polietilen partiyasi o‘sha yilning oktabr oyi oxirida olindi. Loyiha quvvati – yiliga 387 ming tonna polietilen va 83 ming tonna polipropilen. Mahsulotlar Turkiya va Sharqiy Osiyo davlatlariga eksport qilina boshlagan edi.

Fozil Abduraxmonov hamkasblari bilan
Fozil Abduraxmonov hamkasblari bilan

Fozil eng quyi pog‘onadan – 3-razryadli operatorlikdan boshlaydi. Ko‘p o‘tmay bir haqiqatni anglaydi: universitetda o‘rganilgan jarayon zavodda o‘nlab omillarga bog‘liq bo‘lib chiqadi.

«Kitobdagi jarayon bilan real ishlab chiqarish o‘rtasidagi farqni tajribali hamkasblarimdan o‘rgandim. Savol berdim, kuzatdim. O‘sha davr menga intizomni va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishni o‘rgatdi».

Bir yarim yil ichida u 6-razryadga ko‘tarilib, zavoddagi murakkab qurilmalarni mustaqil boshqarish vakolatini oladi.

«Har bir lavozim yangi bilim va yangi mas’uliyat talab qilgan. Menimcha, o‘sishning asosiy sharti – o‘z ustida muntazam ishlash va bilimni amaliy natija bilan isbotlash».

Zavodning yuragi

Polimer zavodidagi eng nozik bo‘g‘inlardan biri – ekstruder. Kukun holidagi polimer aynan shu yerda eritiladi, qo‘shimchalar bilan aralashtiriladi va granulaga aylanadi. Harorat yoki bosim me’yordan og‘sa, granula sifati buziladi. Undan tayyorlanadigan quvur yoki plyonka sifati ham shunga bog‘liq.

Fozilning asosiy tajribasi aynan shu bo‘g‘inda shakllangan: ekstruderni ishga tushirish va to‘xtatish, parametrlar nazorati, pelletizatsiya tizimining barqaror ishlashi.

Muammo chiqqanda-chi? Muhandisning javobi aniq:

«Birinchi navbatda – xavfsizlik. Keyin parametrlar, signal va alarmlar tahlili. Granula sifati yomonlashsa, muammoni bitta parametrga bog‘lab qo‘yish xato. Harorat profili, bosim, xomashyo uzatilishi, vint yuklamasi, pelletizatsiya – hammasini birga ko‘rish kerak. Maqsad – sababni topish va muammo qayta takrorlanmasligiga erishish».

Uning uchun eng esda qolarli lahzalar – yirik uskunani ishga tushirib, ishlab chiqarishni barqaror rejimga olib chiqish. Bunday paytda nazariya, tajriba va jamoa bir nuqtada sinovdan o‘tadi.

«Inson o‘z bilimining haqiqiy qiymatini murakkab vaziyatda ko‘radi. Ishga tushirishdan oldin barcha tizimlarni tekshirish, parametrlarni to‘g‘ri belgilash, kutilmagan vaziyatlarga tayyor turish kerak. Uskuna barqaror ishlay boshlaganda katta professional qoniqish his qilasan».

Ona yurtga qaytish

2019-yilda yo‘l Fozilning ona viloyati – Qashqadaryoga buriladi. Endi u Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi quvvatlarini kengaytirish loyihasida muhandis. Loyiha ko‘lami katta: majmuaning yillik 125 ming tonnalik polietilen quvvatini 505 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.

Fozil Abduraxmonov qurilish maydonida
Fozil Abduraxmonov qurilish maydonida

Operator zavodning bir qismini ko‘radi, loyiha muhandisi esa butun tizimni. Fozil uchun bu yangi ko‘rish burchagi bo‘ldi.

«Bunday loyihada texnolog, mexanik, energetik va avtomatika mutaxassisi birgalikda ishlamasa, natija bo‘lmaydi. Bu tajriba menga tizimli fikrlashni va muammolarni kompleks hal qilishni o‘rgatdi».

2021-yilda u 10-razryadli yetakchi muhandis lavozimiga ko‘tariladi.

Pudratchi ko‘zi bilan

Qisqa muddat «Uzbekistan GTL»da ishlagach, 2023-yilda Fozil zavodga boshqa tomondan qaray boshlaydi. Markaziy Osiyodagi eng yirik EPC pudratchilaridan biri – «Enter Engineering»ning biznesni rivojlantirish departamentida muhandis-texnolog sifatida u zavodlar qanday qurilishini ichidan ko‘radi. Uskunalarning texnik varaqalari, material talabnomalari, takliflarning texnik baholanishi, xarid buyurtmalari – bularning barchasi uning ish stolidan o‘tadi. Uskunalardagi nosozliklarni esa texnologiya litsenziarlari va xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan bevosita muhokama qiladi.

Operator uskunani ishlatadi, loyiha muhandisi uni kengaytiradi, pudratchi esa noldan quradi. Shu tariqa Fozil zavodni uchala tomondan ham ichidan bilgan mutaxassisga aylanadi.

Aynan «Enter Engineering» Buxorodagi MTO majmuasining bosh pudratchisi edi. 2025-yil fevralida Fozil majmuaning o‘ziga – «Gas Chemical Complex MTO Central Asia»ga ishga o‘tadi.

Metanoldan polimergacha

MTO (Methanol to Olefins) – gazdan avval metanol, metanoldan esa etilen va propilen olish texnologiyasi. Markaziy Osiyoda u ilk bor Qorako‘l erkin iqtisodiy zonasidagi shu majmuada qo‘llanmoqda.

Ko‘lamini tasavvur qilish uchun bitta taqqos. Bir necha yil avval mamlakatda yiliga 510 ming tonna atrofida polietilen ishlab chiqarilgan. MTO majmuasining yolg‘iz o‘zi esa yiliga 1,1 million tonnadan ortiq polimer mahsulotlari berishga mo‘ljallangan. Bu – gazni xomashyo sifatida sotish o‘rniga uni yurtning o‘zida yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish demak. Fozilning fikricha, kelgusi yillarda sohada avtomatlashtirish, raqamlashtirish, energiya samaradorligi va ekologik talablar hal qiluvchi bo‘ladi, yangi loyihalar esa yosh mutaxassislar uchun katta imkoniyat yaratadi.

«Yangi kompaniyaga o‘tishimning asosiy sababi – yangi texnologiyani o‘rganish va tajribamni yirik gaz-kimyo loyihasida qo‘llash. Har bir yangi ish joyi men uchun yangi maktab bo‘lgan», – deydi muhandis-texnolog.

Uch tamoyil

Yaxshi muhandis qanday bo‘lishi kerak, degan savolga Fozil uchta tamoyil bilan javob beradi:

«Birinchidan, xavfsizlik hamma narsadan ustun. Ikkinchidan, muhandis faqat texnik bilim bilan cheklanmasligi kerak: u jamoada ishlay olishi, boshqalarni tinglashi, fikrini aniq tushuntira olishi lozim. Uchinchidan, hech qachon «men hamma narsani bilaman» deb o‘ylamaslik. Texnologiyalar o‘zgaradi, o‘rganish esa doimiy jarayon».

Kelajak

Fozil Abduraxmonov
Fozil Abduraxmonov

Uch farzandning otasi bo‘lgan Fozil ish va oila o‘rtasidagi muvozanatni ham muhim deb biladi. Uning fikricha, inson faqat ish bilan band bo‘lib, oilasi va salomatligiga vaqt ajratmasa, uzoq muddatda samarali ishlay olmaydi. Keyingi 5–10 yilda u o‘zini murakkab texnologik jarayonlarni boshqaradigan, yosh mutaxassislarga tajriba o‘rgatadigan va kuchli muhandislar jamoasini shakllantiradigan mutaxassis sifatida ko‘rmoqchi.

Bugungi marrasida oilasi, ustozlari va tajribali hamkasblarining hissasi katta ekanini u alohida ta’kidlaydi: «Ba’zan birgina maslahat insonning kelajakdagi faoliyatiga katta ta’sir qiladi. Erishgan natijalarim faqat o‘zimning emas, menga ishongan va yordam bergan insonlarning ham hissasi».

Keyingi safar qo‘lingizga plastik quvur yoki paket olganingizda, uning ortida gazni granulaga aylantirgan muhandislar mehnati turganini eslang. Fozil Abduraxmonov ana shu mehnatning bir qismi.

«Men uchun muvaffaqiyat faqat yuqori lavozim yoki moddiy natija emas. Muvaffaqiyat – o‘z kasbini yaxshi bilish, halol mehnat qilish, oilaga munosib hayot yaratish, mamlakat rivojiga foyda keltirish va ortingdan yaxshi iz qoldirish», – deya so‘zini yakunlaydi u.

Keyingi yangilik

Maqola sizga yoqdimi?

Obuna bilan reklama bo'lmaydi

Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm

Izohlar0

…

  1. Futbol akademiyalari uchun Skaut: to‘lov, davomat va ota-ona bilan aloqa endi bitta tizimda
  2. Toshkentdan Amerikaga: Nurmuxammad Ismoilov Akinda orqali halol investitsiyani global miqyosga olib chiqmoqda
  3. Avtoservisingizni raqamlashtiring: Bip Business bilan mijozlarni yo‘qotmang
  4. Mashina oynasiga raqam yozish xavflimi? Bip haydovchilar uchun yangi yechim topdi!
  5. 8 ta keng tarqalgan moliyaviy xato: nimalardan saqlanish kerak?
  6. Playmatch: maydon egalari ishini ancha yengillashtiradi
  7. Playmatch: futbol o‘ynash uchun kerakli barcha xizmatlar bitta ilovada
  8. Kundalik xarajatlar uchun kartani qanday tanlash mumkin?
  9. Eldor Shomurodov futbol akademiyasi va TBC Bank: bolalik orzularidan katta futbolgacha
  10. ANORBANK Boʻstonliqdagi 168-son maktab-internat tarbiyalanuvchilarini tabrikladi
  11. Haydovchilar va tashuvchilar uchun OSGOP sug‘urtasining afzalliklari...
  12. Pure Milky’dan navbatdagi kreativ: Har qadam — aziz insonlarga mehr bilan!
  13. Kredit olish imkoniyatini oshirish uchun qayerda ishlash kerak?
  14. Biznes imkoniyatingizni kengaytiring
  15. Fanning rivojlanishiga barchamiz mas’ulmiz!
  16. XIV Toshkent xalqaro kinofestivali qanday o‘tkazilmoqda?