23:23 / 21.02.2018
11 680

Namanganda 5 tonna sumalak tayyorlanadi

Namanganda 5 tonna sumalak tayyorlanadi
Namangan shahrida Navro‘z bayrami tantanalari doirasida 20-21 mart kunlari ilk bor tashkil etiladigan “Sumalak sayli” turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida 5 tonnalik qozonda sumalak tayyorlanadi. Bu haqda Vodiymedia.uz xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, buncha miqdordagi sumalakni tayyorlash uchun 2 tonna bug‘doy ivitiladi. Bug‘doydan tashqari, 2 tonna un, 1 tonna yog‘, 450 kg zog‘ora uni, 50 kg novvot ishlatiladi. Sumalakni tayyorlash uchun 25 nafar onaxon – sumalak ustalari jalb etiladi.

Tayyorlangan sumalak barcha tashrif buyurgan mehmonlarga tortiq qilish bilan birga, qariyalar va mehribonlik uylariga, mahallalardagi kam ta’minlangan oilalarga tarqatiladi.

Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkaziladigan “Sumalak sayli” turizm va milliy qadriyatlar festivali Namangan shahar hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda. Ushbu festival an’anaga aylanishi rejalashtirilmoqda.

Festival mohiyatiga ko‘ra o‘zida bahoriy yangilanishga xos bayram shukuhi, o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari e’zozi, xayriyaparvarlik, barchaga shodlik ulashish kabi xususiyatlarni qamrab olgan ommaviy sayl sifatida namoyon bo‘ladi. “Sumalak sayli” turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida shahardagi kam ta’minlangan oilalar farzandlarining nikoh hamda xatna to‘ylari o‘tkaziladi.

Festival davomida turli konsert dasturlari, milliy xalq o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, ishtirokchilar bahoriy milliy taomlardan bahramand bo‘lishadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda 5 tonna sumalak tayyorlanadi