
Yovuz qahramonlarni nega yaxshi ko‘rib qolamiz?
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz: nega Joker kabi jinoyatchilar millionlab muxlislarga ega? Nega “Mashaqqatlar sari” serialining bosh qahramoni — narkobaron Uolter Uaytga hamdardlik bildiramiz? Yoki nega Dart Veyder kabi butun galaktikani qo‘rqitgan shaxsni kino tarixi afsonasi sifatida qabul qilamiz?
Bu savollarga javob izlash uchun inson psixologiyasiga nazar tashlash kerak bo‘ladi. Axir, biz yomonlikka qarshi bo‘lishimiz kerak emasmi?
Yovuzlikda o‘zimizni qisman ko‘ramiz
Birinchidan, inson o‘zini ba’zi jihatlari bo‘yicha antagonist bilan taqqoslab ko‘radi. Agar filmdagi yovuz qahramonning xarakteri, u o‘tgan sinovlar yoki ichki ziddiyatlari tomoshabin uchun yaqin bo‘lsa, u holda hamdardlik tabiiy tug‘iladi. Masalan, kimdir Uolter Uaytning oila uchun kurashini tushunadi, boshqalar esa Jokerda o‘zining o‘zgacha fikrlashini ko‘radi.
Xayoliy dunyoda xavfsiz “qorong‘i tomon”
Real hayotda bizni yomon insonlar bilan solishtirish asabimizga tegadi. Lekin filmlar va seriallar – bu fantaziya olami. U yerda ichki xavotirlarimiz, yashirin xohishlarimiz “huquqiy jazo”dan qutulib, erkin ifoda topadi. Xayolan bo‘lsa-da, biz qasos olamiz, hokimiyatni qo‘lga olamiz, o‘zini ko‘rsatishdan cho‘chimaydigan qahramonga aylanamiz.

Jamoatda emas, yolg‘iz holda ko‘rilganda ta’sirliroq
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kinoni yolg‘iz ko‘rayotgan insonlar ko‘proq yovuz qahramonlarga yoqimli munosabatda bo‘ladi. Chunki u paytda kimdir “boshqacha fikring” uchun seni tanqid qilmaydi. Ammo jamoatda bunday qahramonlarga havas bildirish salbiy baholanishi mumkin.
Taqiqlangan “yoqtirish” mexanizmi
Psixologlar “reaktiv qarshilik” degan tushunchani qo‘llashadi. Agar jamiyat yoki tarbiya bizga “bundaylarni yoqtirish mumkin emas” deydigan bo‘lsa, miya ostida aks ta’sir paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham yomonlikni ifoda etuvchi qahramonni yaxshi ko‘rib qolishimiz mumkin.
Yovuz qahramonning insoniy jihatlari
Bir qahramon faqat yomonlik qilsa, unga nisbatan salbiy munosabat kuchli bo‘ladi. Ammo u o‘z yovuzliklarini og‘ir vaziyat yoki boshqa “bundan ham yomon” kuchlarga qarshi amalga oshirayotgan bo‘lsa, u holda biz uni tushunishga harakat qilamiz. Uolter Uaytning tarixini eslaylik: u avvalida yaxshi niyatlar bilan harakat qilgan edi, to‘g‘rimi?

Qahramonga munosabat his-tuyg‘ularga bog‘liq
Filmdagi obrazni “aslida yaxshi odam, lekin muhit uni shunday qilib qo‘ygan” deb qabul qilsak, hatto uning eng dahshatli harakatlarini ham kechirib yuborishimiz mumkin. Tomoshabin sifatida biz ba’zan axloqiy mezonlarni emas, balki his-tuyg‘ularni tanlaymiz.
Yovuz qahramonlar – inson psixologiyasining oynasi
Ular nafaqat bizdagi yashirin tuyg‘ularni ochib beradi, balki ijtimoiy “norma”larga qarshi savol qo‘yadi. Shuning uchun, ularni yomonlash o‘rniga, nega bunday obrazlar qalbimizga yaqin tushishini anglashga harakat qilaylik. Axir, har bir kino qahramoni ortida inson tabiatiga oid sirlar yashiringandir... “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar