Toshkentda «Navro‘z sadolari» festivali shukuh bilan ochildi

Toshkentning mashhur “Turkiston” sanʼat saroyida «Navro‘z sadolari» milliy cholg‘ular ko‘p ovozli ansambl va orkestrlari XII xalqaro festivalining maroqli ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Festival arafasida soha mutaxassislari, tajribali ustozlar va ishtirokchi jamoalar vakillari uchun anjuman tashkil qilindi. Festival koordinatori, O‘zbekiston sanʼat arbobi Feruza Abdurahimova tadbirda mazkur ijodiy jarayonning maqsad va ahamiyati haqida to‘liq to‘xtalib, yillar davomida festival yangi isteʼdodlarni kashf etishda eng muhim manba bo‘lib xizmat qilib kelganini taʼkidladi va muntazam qo‘llab-quvvatlab kelayotgan hamkor tashkilotlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Festival ochilish marosimida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori Anvar Tojiboyev ham so‘zga chiqib, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan ushbu sanʼat bayrami yildan-yilga nufuz va eʼtibori ortib borayotganini alohida qayd etdi. U barcha ijodiy guruhlarni samimiy tabriklab, ularning festivaldagi ishtiroklari uchun omad tiladi.

Bugun festivalning ijodiy tanlovlariga start berildi. Dasturga ko‘ra, uch kun davomida barcha jamoalarning chiqishlari hakamlar hayʼati tomonidan baholanadi va natijada eng yaxshi ijodiy jamoalar g‘oliblik medallari va diplomlar bilan taqdirlanadi.
Festival nafaqat milliy sanʼatni rag‘batlantirish, balki yurtimizdagi yosh isteʼdodlarni kashf etish va ularni xalqaro arenalarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!