Rekha 72 yoshda: Amitabh Bachchan muhabbati va fojiali taqdir

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Bollivud aktrisasi Rekxa, asl ismi Bhanurekxa Ganeshan, 1954 yil 10 oktyabrda tug‘ilgan va 12 yoshida kino olamiga kirib kelgan.
- Uning hayoti Amitabh Bachchan bilan muhabbat qissasi, otasining tashlab ketishi va millioner turmush o‘rtog‘i Mukesh Agarvalning fojiali o‘limi kabi ko‘plab muhokama qilingan voqealar bilan bog‘liq.
Bollivudning mashhur aktrisasi Rekxa o‘zining aktyorlik mahorati va maftunkor qiyofasidan tashqari, sirli shaxsiy hayoti bilan ham ko‘pchilik e’tiborini qozongan. Amitabh Bachchan bilan bog‘liq muhabbat qissasi, otasining uni bolaligida tashlab ketishi va millioner turmush o‘rtog‘ining fojiali o‘limi aktrisa hayotining eng ko‘p muhokama qilingan sahifalaridan hisoblanadi. Shunga qaramay, u san’atda o‘z o‘rnini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Bolalikdan Bollivud yulduzligigacha
Rekxaning asl ismi Bhanurekxa Ganeshan bo‘lib, u 1954 yil 10 oktyabrda Hindistonning Madras shahrida, hozirgi Chennayda tug‘ilgan. Otasi aktyor Jemini Ganeshan, onasi esa telugu filmlarida suratga tushgan aktrisa Pushpavalli edi. Ota-onasi rasmiy nikohdan o‘tmagani sababli Jemini Ganeshan qizini uzoq vaqt o‘z familiyasiga olmagan. Keyinchalik esa oilasini tashlab ketgan.
Bolaligida styuardessa bo‘lishni orzu qilgan Rekxa onasining iltimosi bilan 12 yoshida kino olamiga qadam qo‘ydi. Uning aktyorlik qobiliyati prodyuserlar e’tiborini tezda tortdi. 14 yoshida esa kino faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratish uchun maktabni tashladi.
Dastlabki rollarida aktrisa tashqi ko‘rinishi va vazni uchun tanqidlarga uchradi. Biroq bu uni ortga chekintirmadi: Rekxa yoga bilan shug‘ullana boshladi va o‘z ustida ishlashda davom etdi. 1969 yilga kelib hind tilini o‘rganib, Bollivudda talabgir aktrisalardan biriga aylandi.

Uning yoshlik davri oson kechmagan. Tengdoshlari o‘qib, dam olayotgan bir paytda Rekxa kastinglarda qatnashib, filmlarda suratga tushardi. U suratga olish jarayonidagi og‘ir sharoitlar, yoqimsiz ovqatlar va ko‘plab libos-taqinchoqlar sabab yuzaga kelgan allergiyadan ham aziyat chekkan.
Aktrisaga shuhrat keltirgan filmlar
Rekxa turli janrlardagi ko‘plab filmlarda ishtirok etgan. 1981 yilda namoyish etilgan «Cho‘ri» filmida u oilani buzgan ayol — Tara obrazini yaratdi. 1988 yilda esa rejissyor Rakesh Roshanning «Qasos o‘ti» filmida Arti rolini ijro etdi. Ayrim sahnalarda grimsiz suratga tushishga ham rozi bo‘lgan aktrisa ishtirokidagi ushbu kartina Avstraliyaning «Edemga qaytish» seriali asosida ishlangani aytiladi.
«Sevgi tuzog‘i» filmida Rekxa Mitxun Chakraborti, Mandakini, Amrit Pal va Jitendra kabi yulduzlar bilan birga suratga tushgan. «O‘yin ichra o‘yin» filmi ham uning mashhur ishlaridan biriga aylandi. Qizig‘i, undagi rol avval Dimpl Kapadiyaga taklif qilingan, ammo u rad etgan.
2003 yilda Rekxa «Biz yolg‘iz emasmiz» fantastik filmida Soniya Mehra obrazini gavdalantirdi. 2006 yilda esa insonning o‘ziga xosligi va irodasi haqidagi «Raqqosa» dramasida ishtirok etdi.
Mazkur filmdan keyin aktrisa bir muddat ekranlarda ko‘rinmadi. 2010 yilda Xema Malini va Rishi Kapur bilan birga «Chegarasiz sevgi» filmida suratga tushdi, biroq kartina prokatda muvaffaqiyat qozona olmadi. Shu yili Rekxa «Padma Shri» mukofoti bilan taqdirlandi. 2012 yilda esa Hindiston parlamentining yuqori palatasi — Rajya Sabha a’zosi etib tayinlanib, u yerda olti yil faoliyat yuritdi.

Keyingi yillarda aktrisa kino olamiga qaytishga harakat qildi. U «Qaramlik» filmi uchun shartnoma imzolagan bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra suratga olish maydonchasini tark etdi. 2014 yilda «Superbuvi», 2015 yilda «Shamitabx» filmlarida ko‘rindi. «Shamitabx»da esa o‘zini gavdalantirdi. 2018 yilda «MLA» komediyasida ikkinchi darajali rolni ijro etdi.
Amitabh Bachchan bilan muhabbat qissasi
Rekxaning shaxsiy hayoti haqidagi muhokamalar yoshligidan boshlangan. U dastlab prodyuser Mehbub Xonning asrab olingan o‘g‘li Sajid Xon bilan munosabatda bo‘lgan. Sajid G‘arbdagi filmlarda ishtirok etib, o‘smirlar orasida mashhurlikka erishgandi. Biroq ularning band ish jadvali munosabatlarining uzoq davom etishiga to‘sqinlik qilgan.
Keyinchalik Rekxa Mitxun Chakrabortiga nisbatan ham his-tuyg‘ulari bo‘lganini tan olgan. O‘sha vaqtda aktyor Yogita Baliga uylangan edi.
Biroq aktrisaning nomi eng ko‘p Amitabh Bachchan bilan bog‘liq munosabatlari orqali tilga olinadi. 1970-yillarning oxirida ular o‘rtasida ishqiy munosabat borligi haqidagi gap-so‘zlar keng tarqaldi. Amitabh o‘sha paytda Jaya Bhaduri bilan oila qurgan edi. Matbuotda Rekxa va Amitabhning birga yurgani aks etgan suratlar ham paydo bo‘lib turgan.
Ularning munosabatlari butun Hindistonda qizg‘in muhokama qilindi. Ommaviy xabarlarga ko‘ra, Amitabh suratga olish jarayonida og‘ir jarohat olib, olti kun komada yotganidan keyin Rekxa bilan aloqani uzib, oilasiga qaytgan.
Millioner erining fojiali o‘limi

1990 yilda Rekxa tadbirkor Mukesh Agarvalga turmushga chiqdi. Aytilishicha, to‘ydan oldin ham erkakda o‘z joniga qasd qilishga moyillik kuzatilgan. Rekxa esa unga yordam berishga umid qilgan.
Aktrisa AQSHda ishlayotgan vaqtda Mukesh bir necha bor o‘z joniga qasd qilishga uringan va urinishlardan biri uning vafoti bilan yakunlangan. U qoldirgan xatda «Hech kimni ayblama» deb yozilgani xabar qilingan.
Fojiadan keyin Rekxa matbuotning qattiq tanqidiga uchradi. Ayrim jurnalistlar uni «qora beva» deb atadi. Keyinchalik aktrisaning «O‘yin ichra o‘yin» filmidagi hamkasbi Akshay Kumar bilan yaqin munosabatda bo‘lgani haqida ham mish-mishlar tarqaldi. Akshayning sevgilisi Ravina Tandon esa Rekxaga ularning munosabatlariga aralashmaslikni so‘ragani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shundan keyin aktrisaning shaxsiy hayoti atrofidagi shov-shuvlar biroz pasaydi.
Rekxaning bugungi hayoti
Rekxa hozirda Mumbayda yashaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning jiyani Navid va ko‘p yillik yordamchisi, yaqin dugonasiga aylangan kotibasi Farzona ham unga yaqin insonlar hisoblanadi. Aktrisaning basseyni va bog‘i bo‘lgan katta dala hovlisi bor.

U atrof-muhitni muhofaza qilishga ham qiziqadi: tomorqasini parvarishlaydi va ekologik aksiyalarda ishtirok etadi. 2023 yilda Vogue Arabia jurnali muqovasi uchun suratga tushib, o‘zining o‘ziga xos uslubini yana bir bor namoyish etdi.
Rekxa haqida qiziqarli ma’lumotlar
Rekxa va Bisvajit Chatterji ishtirokidagi «Anjana Safar» filmidagi bo‘sa sahnasi senzura bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘lgan. Bu holat kartinaning prokatga chiqishini kechiktirgan. Sahna aks etgan surat «Life» jurnalining Osiyo nashrida ham chop etilgan. Keyin Rekxa filmga aldov yo‘li bilan jalb etilgani haqida omma oldida bayonot berishga majbur bo‘lgan.
Aktrisa hayvonlarni yaxshi ko‘radi. Bir paytlar uning uyida Pisti laqabli kuchukcha yashagan va Rekxaning erkatoyiga aylangan.
Shuningdek, u jamoat hayotida o‘z o‘rniga ega ayollarni hurmat qiladi. Uning e’tiborini qozongan shaxslar orasida Hindistonning sobiq bosh vaziri Indira Gandi va amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfri bor.

Zargarlik buyumlaridan Rekxa asosan bilaguzuklarni yoqtiradi. Uning garderobida tilla hoshiyalar va kashtalar bilan bezatilgan shifon sarilar ham alohida o‘rin tutadi.
Rekxaning hayoti shuhrat, ijodiy muvaffaqiyatlar va og‘ir shaxsiy sinovlar bilan kechgan. Shunga qaramay, u Bollivudning eng esda qolarli yulduzlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uning filmlari, o‘ziga xos uslubi va sirli hayoti bugun ham muxlislar qiziqishini uyg‘otadi.






























Izohlar 0
…