Anjelina Joli shaxsiy hayoti haqida kutilmagan bayonot berdi

Hollivud yulduzi Anjelina Joli sobiq turmush o‘rtog‘i Bred Pitt bilan ajrashganidan buyon shaxsiy hayoti haqida juda kam gapirib keladi. Aktrisa bu safar qariyb o‘n yildan beri hech kim bilan uchrashmaganini ilk bor ochiqchasiga ma’lum qildi.
Joli bu haqda Yahoo Entertainment nashriga yangi «Couture» filmini targ‘ib qilish chog‘ida bergan intervyusida so‘z ochdi. Kartinada aktrisa Parij moda haftaligida ishlayotgan vaqtda ko‘krak saratoni tashxisi qo‘yilgan amerikalik rejissyor Maksin Uoker obrazini gavdalantirgan.
Filmda Maksin operator Anton (aktyor Lui Garrel ijrosida) bilan ishqiy munosabat o‘rnatadi. Jolining aytishicha, ushbu qahramonni ijro etish unga farzandlar tarbiyasiga butun e’tibor qaratish bilan bir vaqtning o‘zida shaxsiy hayot uchun ham o‘rin topish mumkinligini anglatgan.

«Rostini aytsam, qariyb o‘n yil avval ajrashganimdan beri hech kim bilan uchrashmadim. Shuning uchun farzandlarim va oilamga e’tibor qaratganimda, hayotimning bu qismi men uchun muhim emasdek tuyulardi», — dedi aktrisa.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qahramonini tushunish jarayonida ayol bir vaqtning o‘zida ham qizini sevishi, unga bag‘ishlangan bo‘lishi va ayni paytda ayol sifatida mehr va muhabbatga ehtiyoj sezishi mumkinligini anglagan.
51 yoshli Anjelina Joli va 62 yoshli Bred Pitt 2016 yil sentyabr oyida, ikki yillik turmushdan keyin ajrashgan. Ularning ajrim jarayoni sakkiz yil davom etgan. Sobiq juftlikning olti nafar farzandi bor: Meddoks, Paks, Zaxara, Shaylo hamda egizaklar Viven va Noks.


Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, qizlari ulg‘ayganidan keyin unga faqat ona sifatida emas, balki o‘z hayoti bilan yashashni ham maslahat bera boshlagan.
«Men yana o‘zimni qayta kashf etayotgandekman. Endi yana yashashim, yana erkin bo‘lishim kerak. Hayot meni biroz sindirgan bo‘lishi mumkin», — dedi Joli.
Avvalroq Variety nashriga bergan intervyusida ham u hayotga bo‘lgan kurashchanlik ruhi yana qaytayotganini ta’kidlagan. Aktrisaning aytishicha, buning asosiy sababchilaridan biri farzandlari bo‘lib, ular endi katta bo‘lgani uchun onasining yana faol hayot kechirishini xohlamoqda.

Shu bilan birga, xorij nashrlari yozishicha, sobiq juftlikning farzandlaridan Meddoks, Zaxara va Shaylo familiyalaridan «Pitt» qismini olib tashlash uchun huquqiy qadamlar tashlagan. Viven va Noks esa rasman emas, ramziy tarzda otasidan uzoqlashgani aytilmoqda.






























Izohlar 0
…