37 yoshli ayol bir yil davomida o‘zgalar oilasida yashash uchun qizcha bo‘lib yashadi

37 yoshli ayol bir yil davomida o‘zgalar oilasida yashash uchun qizcha bo‘lib yashadi

Braziliyada sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy voqea jamoatchilikni hayratga soldi. 37 yoshli ayol o‘zini 11 yoshli qiz sifatida tanishtirib, bir oila bilan bir yildan ortiq vaqt davomida yashagani ma’lum bo‘ldi.

Mahalliy OAVlar xabar berishicha, voqea Joinvili shahrida ro‘y bergan. O‘zini Gabriele deb tanishtirgan ayol mahalliy cherkovga murojaat qilib, go‘yoki zo‘ravon ota-onasidan qochib kelganini aytgan. Uning achinarli hikoyasiga ishongan insonlardan biri bo‘lgan mehribon oila uni o‘z uyiga qabul qilib, haqiqiy farzandidek parvarish qila boshlagan.

Ayol tashqi ko‘rinishi yoshiga mos kelmasligini turli kasalliklar bilan izohlagan. U autizm va boshqa xastaliklardan aziyat chekishini, hatto bolaligida gormonal dorilar qabul qilishga majbur bo‘lganini ham da’vo qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u 14 oy davomida bolalarga xos xatti-harakatlarni namoyish etgan. Hatto uxlashdan oldin emizikli idish va sevimli ko‘rpasini so‘rab kelgan. Ayrim kechalari esa bolalarcha ovozda gapirib, vahima holatlarini namoyish qilishga uringan.

Gabriele maktabga bormagan. U oilani o‘zini ta’qib qilayotgan otasi maktab orqali topib olishi mumkinligiga ishontirgan. Oqibatda oila unga qattiq mehr qo‘yib, hatto "12 yoshga to‘lgan kuni"ni nishonlagan va uni rasman farzandlikka olish haqida o‘ylay boshlagan.

Biroq voqea kutilmagan tarzda fosh bo‘ldi. Oila a’zolaridan biri ayolning xatti-harakatlaridan shubhalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Tekshiruvlar natijasida uning aslida 37 yoshli tajribali firibgar ekani ma’lum bo‘ldi.

Tergov davomida bu ayol avval ham bir necha oilalarni shunga o‘xshash usulda aldagani aniqlangan. Hozirda u hibsga olingan bo‘lib, sud qarori kutilayotgani xabar qilinmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar