Chustda 5,3 milliard so‘mlik gaz talon-toroji aniqlandi

Chustda 5,3 milliard so‘mlik gaz talon-toroji aniqlandi

Chust tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi, deb «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filialining Telegram kanali xabar berdi.

«Hududgazta’minot» AJ rahbariyatining topshirig‘i asosida respublika hududlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

«Hududgaz Namangan» gaz ta’minoti filiali, tuman gaz ta’minoti xodimlari, «O‘zenergoinspeksiya» va huquq-tartibot organlari ishtirokida Chust tumanida o‘tkazilgan tekshiruvlarda bir nechta qonunbuzarlik holatlari fosh etildi.

Tumanning «Kamarsada» mahallasida joylashgan fuqaro R.Q.ga tegishli umumiy ovqatlanish maskanida tabiiy gaz tarmog‘iga loyiha-texnik hujjatlarsiz ulanish holati aniqlangan.

Tekshiruv davomida obyekt eskirgan hisoblagich orqali gazdan foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan 1 milliard 990 million so‘mlik tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilingan.

Shuningdek, tumandagi yana bir umumiy ovqatlanish maskanida ham shunga o‘xshash qonunbuzarlik qayd etildi.

Fuqaro B.A.ga tegishli obyektda ta’minot korxonasi bilan shartnoma tuzilmasdan tabiiy gazdan foydalanilgani aniqlangan. Ushbu holat oqibatida 3 milliard 390 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

Chustda 5,3 milliard so‘mlik gaz talon-toroji aniqlandi – Zamin.uz, 05.06.2026