date
views 151

O‘zbekistonning Maldiv Respublikasidagi birinchi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Maldiv Respublikasidagi birinchi elchisi tayinlandi
O‘zbekistonning Maldiv Respublikasiga tayinlangan birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida joylashgan) Sardor Rustamboyev mamlakat prezidenti Muhammad Muizzuga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Maldiv o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati hamda kelajakdagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Prezident Muhammad Muizzu Maldiv Respublikasi O‘zbekiston bilan BMT, IHT, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida tomonlarni qiziqtirgan masalalar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish va mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Alohida e’tibor turizm va oliy ta’lim yo‘nalishida sheriklikni rivojlantirishga qaratildi. Xususan, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida Maldiv Respublikasi talabalarini o‘qitish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni ochish, viza rejimini soddalashtirish va qo‘shma sayohat paketlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishildi.

Tomonlar oliy va yuqori darajadagi tashriflar tashkil qilish, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari delegatsiyalari almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr bildirdi.

O‘zbekiston va Maldiv Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1994 yil 7 dekabr kuni o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev Dehlida 2024 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan. Bundan oldin u Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.

Foto: Dunyo
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonning Maldiv Respublikasidagi birinchi elchisi tayinlandi