Nozanin G‘afforova 9 yildan beri ko‘rmagan dadasiga murojaat qildi (video)

Nozanin G‘afforova 9 yildan beri ko‘rmagan dadasiga murojaat qildi (video)

Aktrisa Nozanin G‘afforova “Omon-Omon” dasturida dadasi haqida gapirib, uni to‘qqiz yildan beri ko‘rmaganini aytdi. Aktrisa dadasi Koreyada yashab, mehnat qilayotganini, yaqinda O‘zbekistonga qaytishini kutayotganini ma’lum qildi.

“Dadamni ko‘rmaganimga to‘qqiz yil bo‘ldi. Koreyada yashab, ishlaydilar. Lekin yaqinda kelishlari kerak. Eng katta orzularimdan biri — ota-onamni ziyoratga olib borish”, — dedi Nozanin.

Suhbat davomida aktrisa kelajakdagi eng katta maqsadlaridan biri ota-onasini Haj safariga yuborish ekanini ham aytdi.

“Menda maqsadlar juda ko‘p, juda katta. Shu paytgacha ko‘p narsalarni faqat onam uchun qilib kelganman, chunki dadam Koreyada bo‘lganlar. Xudo xohlasa, kelgusi yil dadam keladilar. Dadam bilan onamni Umraga, katta Hajga yuborish niyatim bor”, — dedi u.

Boshlovchilardan biri Nozanindan dadasi bilan oxirgi marta qachon ko‘rishganini so‘raganida, u qisqa qilib “To‘qqiz yil bo‘ldi”, deya javob berdi.

Shundan so‘ng boshlovchi Nozanindan dadasi ayni vaqtda uni tomosha qilayotgan bo‘lsa, ularga nima degan bo‘lardi, deb so‘radi.

“Dada mavzusi men uchun qaysidir ma’noda biroz og‘riqli mavzu. Chunki men dadam bilan birga katta bo‘lmaganman. Bir muddat birga yashaganmiz, keyin dadam Koreyaga ketganlar. Shundan keyin o‘rtada baribir uzilish bo‘lgan”, — dedi aktrisa.

Nozanin otasiga bo‘lgan sog‘inchini so‘z bilan to‘liq ifoda eta olmaganini ta’kidladi.

“Men dadamga sog‘inchimmi, ularni yaxshi ko‘rishimmi to‘laqonli ayta olmaganman, bildira olmaganman. Balki hozir ko‘rayotgan bo‘lsalar, shuni bilsinlar: kichkina malika buduringiz hali ham o‘sha kichkina holida yaxshi ko‘radi. Kichkina bolalarday sog‘inaman. Tezroq kelishingizni kutyapman. Kelsangiz, eng baxtli inson men bo‘laman”, — deya dadasiga murojaat qildi Nozanin G‘afforova.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar