Qirg‘izistonda 2027 yilgi Haj ziyorati narxi 5 800 dollar etib belgilandi

Qirg‘izistondan 2027 yilda Haj ziyoratiga boruvchilar uchun safar xarajatlari 5 800 dollar etib belgilandi. Bu 2026 yildagi narxga nisbatan 1 150 dollarga yoki 24,7 foizga qimmat. Narx oshishining asosiy sabablaridan biri Makka shahridagi bepul vaqf mehmonxonalari o‘rniga pullik mehmonxonalarda joylashtirishga o‘tilishi bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, 24.kg xabar berdi.
Qayd etilishicha, avval Makkadagi vaqf muassasalari Qirg‘izistondan kelgan ziyoratchilarni o‘zlariga qarashli mehmonxonalarga bepul joylashtirib kelgan. Biroq 2027 yilgi Haj mavsumida ushbu imkoniyatdan foydalanilmaydi.
Bunga mehmonxonalarning Makka shahrining turli hududlarida joylashgani sabab bo‘lgan. Xususan, 14 ta bino shaharning 4–5 ta tumaniga tarqalgan bo‘lib, ularning har birida 200 nafardan 500 nafargacha ziyoratchi yashagan.
Diniy boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, bunday sharoitda barcha ziyoratchilarga bir xil darajada xizmat ko‘rsatish, ularga zarur yordam berish, tashkiliy ishlar va logistika jarayonlarini muvofiqlashtirish qiyinlashgan. Bundan tashqari, mehmonxonalardagi sharoitlar belgilangan talablarga to‘liq javob bermagan, ayrim hujjatlarni rasmiylashtirishda ham muammolar yuzaga kelgan.
Shu sababli 2027 yilgi Haj mavsumida Qirg‘izistondan boruvchi ziyoratchilarni pullik mehmonxonalarga joylashtirishga qaror qilingan. Bu orqali ularning barchasi bir hududda, bir-biriga yaqin joylashishi ta’minlanadi. Natijada xizmat ko‘rsatish, zarur yordamni tashkil etish va tashkiliy masalalarni hal qilish osonlashishi kutilmoqda.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…