Toshkentda harorat pasaygani sabab havo sifati yomonlashdi

Toshkent shahri va viloyatida havo harorati pasayishi ortidan atmosfera holati ham yomonlashdi. “O‘zgidromet” ma’lum qilishicha, 28 fevraldan boshlab mamlakat hududiga sovuq havo oqimi kirib kela boshlagani fonida poytaxt atrofida shamol deyarli sezilmayapti.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kechasi +3…+5 daraja, kunduzi esa +11…+15 daraja atrofida kuzatilayotgan keskin farq ertalabki tuman va harorat inversiyasi yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Ya’ni salqin havo pastda “qotib” qoladi, yuqori qatlamda esa nisbatan iliq havo saqlanib, havo aylanishi susayadi.
Ana shu meteorologik holat tufayli yerga yaqin qatlamda havo almashinuvi sekinlashgan. Natijada ifloslantiruvchi moddalar tez tarqalmay, shahar ustida “to‘planib” qolmoqda. Shu sabab hozirda Toshkent shahri va viloyati havosida mayda zarrachalar — PM2.5 va PM10 miqdorining oshishi qayd etilmoqda.
Yaxshi xabar ham bor: sinoptiklar ertadan boshlab yog‘ingarchilik kutilayotganini aytmoqda. Bu esa havodagi chang va mayda zarrachalarni “yuvib tushirib”, havo sifati ko‘rsatkichlarini yaxshilashi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!