Toshkentda bugun havo sifati yaxshilanishi kutilmoqda

Toshkentda bugun havo sifati yaxshilanishi kutilmoqda
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Toshkent shahrida 1 noyabr kuni kunduzgi soatlarda atmosfera havosi sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda.
  • Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, havo haroratining ko‘tarilishi va vertikal havo almashinuvining faollashuvi ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishiga yordam beradi.
  • 31 oktyabrdan 1 noyabrga o‘tar kechasi esa harorat inversiyasi hamda shamolning kuchsizligi sababli havo sifati yomonlashishi prognoz qilingan edi.

Toshkent shahrida 1 noyabr kuni kunduzgi soatlarda atmosfera havosi sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Haroratning ko‘tarilishi va havo almashinuvining faollashishi poytaxtdagi vaziyatni barqarorlashtirishi mumkin. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 31 oktyabrdan 1 noyabrga o‘tar kechasi poytaxtda atmosfera havosi sifatining yomonlashishi prognoz qilingan. Kechki, tungi va ertalabki soatlarda havo sifati xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha «nosog‘lom», milliy indeksga ko‘ra esa «zarg‘aldoq» darajada bo‘lishi kutilgan.

Bunday holatga tungi vaqtda havo haroratining pasayishi, shamolning kuchsiz esishi va harorat inversiyasi sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu omillar atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklab, ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini sekinlashtiradi.

Natijada mahalliy va qo‘shni hududlardan atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishi qiyinlashib, PM zarrachalari yer yuzasiga yaqin havo qatlamida to‘planishi mumkin.

Bugun, 1 noyabr kuni kunduzgi soatlarda esa havo haroratining ko‘tarilishi va vertikal havo almashinuvining yaxshilanishi natijasida harorat inversiyasi kuchsizlanishi kutilmoqda. Bu jarayon atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishiga yordam berib, havo sifati asta-sekin yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.

Ayni paytda poytaxtdagi atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda.

Havo ifloslanishiga qanday omillar ta’sir ko‘rsatmoqda?

Mutaxassislar ta’kidlashicha, atmosfera havosining ifloslanishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri havo sirkulyatsiyasi, ya’ni havo massalarining harakati va almashinuvi bilan bog‘liq jarayonlardir.

Toshkent shahri tog‘oldi hududida, vodiyga tutash joyda qaror topgan. Bu hududda shimoli-sharq va janubi-g‘arb yo‘nalishlaridan esuvchi shamollar muhim ahamiyat kasb etadi. Shamolning yo‘nalishi va tezligi atmosfera havosi almashinuvi hamda ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Poytaxtda havo ifloslanishining kuchayishiga nafaqat inson faoliyati, balki tabiiy chang, yog‘ingarchiliklarning kamligi va noqulay meteorologik sharoitlar ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, yog‘ingarchiliklar kamligi havodagi chang zarralarining yuvilib ketish jarayonini susaytiradi. Toshkentda yog‘ingarchiliklar miqdori oylik me’yordan qariyb 6 barobarga kamaygan. Bu esa atmosfera havosida chang zarralarining uzoqroq saqlanib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Avval ham havo sifati yomonlashishi prognoz qilingan

Avvalroq Toshkent shahrida 27 oktyabrdan 28 oktyabrga o‘tar kechasi ham atmosfera havosi sifati yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilgan edi.

O‘shanda kechki va tungi soatlarda havo sifati milliy indeks bo‘yicha asosan «sariq» darajada bo‘lishi, kunduzgi vaqtlarda esa yaxshilanishi prognoz qilingan.

Mutaxassislar atmosfera havosi sifatining o‘zgarishi ob-havo sharoiti, shamol tezligi, harorat va havo almashinuvi kabi omillarga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda. Shu sababli poytaxtda havo sifati bo‘yicha monitoring ishlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar